#Yosh_kitobxonga_tavsiya
Abdulla QAHHOR. “Haq so‘zning kuchi”.
Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti. 1989-y.
…Yuqori sinflarda o‘qib yurgan kezlarim, jurnalda bir qissacham bosilib chiqdi-yu, o‘z-o‘zidan “maktab klassigi”ga aylandim-qoldim. Xatlar, sal lofi bilan aytganda, kuniga qoplab keladi deng. O‘zimcha “Yozish oppa-oson ish ekan-ku! Eh-he, men hali…”, deya g‘o‘ddayib ham qo‘yaman. Taqdirning inoyatini qarangki, xuddi shu mahallari qo‘limga Abdulla Qahhor asarlari olti jildligining oxirgi tomi tushib qoldi. Hamon esimda, muqovasi qora edi. Kitobni bir o‘qidim, ikki… Maqolalar, suhbatlar, xatlardan tashkil topgan kitob meni osmondan yerga tushirib qo‘ydi, adabiyot kosibchilik emas, o‘ta murakkab, mashaqqatli hunar ekanligini anglatdi. Men sharillatib yozib tashlayotgan ko‘p mashqlarim “Bo‘ri tishiga sera kislotasining ta’siri” qabilidagi dovdirash, to‘g‘rirog‘i “adabiy brak” ekanligini, “yozuvchi o‘zi his qilmagan narsa to‘g‘risida yozsa, buni o‘qigan o‘quvchi ham hech narsani his qilmasligini” tushundim. Men “yozilgan narsani o‘chirish, kitobxonga zarur gaplarnigina qoldirish uchun iste’dodning o‘zi kifoya qilmasligini, insof ham kerakligini” anglab yetdim. Qarasam, yozganlarimda qoldirishdan ko‘ra o‘chirilishi kerak bo‘lgan joylari ko‘proq ekan…
Qisqasi, bu kitob men uchun o‘ziga xos adabiy kurs bo‘ldi. Kitobdan olingan uzun-uzun iqtiboslarni yon daftarimga ko‘chirib charchamasdim. Oltinchi jild uzoq yillar yostig‘im ostida saqlanadigan kitob bo‘ldi. Shunga qaramasdan, rosa targ‘ib-tashviq etganimdan so‘ng qiziqib qolib, uni olib ketgan bir havaskor tanishim qaytarish muddati kelganida “yo‘qotib qo‘ydim” deb bahona qilganida rosa kuyganman…
Nihoyat 1989-yili Abdulla Qahhorning maqola va suhbatlari besh jildlik “Asarlar”ning beshinchi jildida chop etildi. Shundan buyon bu kitobni yonimdan qo‘ymayman.
O‘ylab qarasam, Qahhor qalamga olmagan mavzuning o‘zi qolmaganday. Kuni kecha “Yoshlik”chilar “O‘zingiz yoqtiradigan asarlar haqida bir nima yozib bering”, deb qolishganida, men beixtiyor ulug‘ adibimizning “Yaxshi jurnalning qulog‘i xalq ko‘ksida bo‘lishi kerak” degan maqolasini esladim. Yodingizdadir: “Jurnalning endigi vazifalari adabiyotimiz oldida turgan umumiy vazifalardan kelib chiqadi. Adabiyotimiz oldida turgan vazifalar esa hamon xalq hayotini bo‘yamasdan, buzmasdan ko‘rsatish, yaxshi hayot kechirish uchun kurashda xalqqa chin ko‘ngildan yordam berish bo‘lib qoladi”. Hayratlanmay bo‘ladimi: xuddi shu bugun aytilayotganday tuyuladigan bu haroratli so‘zlar 1958 yili qog‘ozga tushgan.
O‘zingiz ayting, bunday kitobni qayta-qayta o‘qimay bo‘ladimi…
Yoshlikjurnali.uz
@yoshlikjurnali
#Qutlov!
Mohira Eshpo‘latova 1995-yil 25-oktabrda Navoiy viloyatida tug'ilgan. Navoiy davlat pedagogika institutini tamomlagan. Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari qatnashchisi.
Bir nechta xalqaro konfrensiyalar va yosh ijodkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Duel-2021” tanlovining respublika bosqichi ishtirokchisi.
“Forty first day”nomi bilan ilk kitobi AQSHda chop etilgan.
Izoh: Mohira Eshpo‘latovaning "Qirq birinchi kun" hikoyasi jurnalimizning 2022-yilgi 9-10-sonida nashr etilgan!
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
KAFKA FALSAFASI
Jahon modern adabiyoti daho namoyandasi Frans Kafkaning “Evrilish” hikoyasi qalbim teranliklarida pinhon hissiyotlar dengizini favqulodda dolg‘aga keltirdi; tafakkur nigohlarimni yondosh o‘lchamlar olamiga burib yubordi. Chunki...
“Evrilish” keyin uyg‘onilmaydigan qo‘rqinchli tush... Jahon hikoyachiligi tarixida favqulodda hodisa bo‘lib, hikoyanavislik mahoratini yozuvchi ulkan cho‘qqiga ko‘targan”.
(A.Saidov, “Kafka olami”)
“Evrilish” daho adib va faylasuflarni-da o‘zining sirli olamiga yetaklagan hayratomuz asardir. Haqiqatan...
“Asar ilk satrlardanoq mening yangi hayot yo‘limni belgilab berdi. “Metamorfoza”(aynan “Evrilish” – O.G‘.) jahon adabiyotining eng buyuk asarlaridan sanaladi: “Bir kuni ertalab alg‘ov-dalg‘ov tushlar ko‘rib uyg‘ongan Gregor Zamza qo‘rqinchli hasharotga aylanib qolgan edi”.
(G.G.Markes, “Hayot – faqat yashash emas”. “Yoshlik” jurnali, 2016-yil, 4-son, 49-sahifa)
Ruhiyatimda bo‘ron ko‘targan shu ravish larzakor hissiyotlar junbushini muqaddam paytlar olamshumul “Odisseya”eposi, “Faust” fojiasi, “Jinoyat va jazo”, “Usta va Margarita”,“Jarayon” romanlari hamda “Begona” qissasi mutolaasi chog‘ida ham vujudimda his etganman.
Inchunin, men “Evrilish” falsafasini “entomologik fantastikadan muhimroq narsa sifatida” qabul qildim va zukko Vladimir Nabokov o‘z qarashlarida naqadar haq ekanligini dilimda chuqur e’tirof etdim.
Gregor Zamza – bashariyatning mangu falsafasidir!
Oqiljon G‘ofurov
@yoshlikjurnali
Yoshlikjurnali.uz
#tavallud
24-oktyabr – iste’dodli shoir Iftixor Xonxoʻjayev tavallud topgan kun!
“PLAN”
Doʻstim betob edi, nochor va kamtar,
Qoʻlimdan kelmasdi tasalli berish.
Bizlar yordam soʻrab borgan odamlar
Kechiring, planda yoʻq, – derdi, – bu ish.
Axir shu odamlar minbarda yonib,
“Avvalo, sogʻliq”, deb aytishgandilar.
Ozgina yoʻtalib qoʻygan kuchugin
Chet elda davolab qaytishgandilar.
Doʻstim betob edi va juda nochor,
Doktor anchagina pul kerak, dedi.
Unga borimizni topshirdik, ammo
Qoʻlda berganiga qush toʻymas edi.
Balki, bu on zotdor itingiz yungin
Silab oʻtirarsiz mehr bilan siz.
Men esa bechora doʻstimni bu on
Tuproqqa topshirdim hech bir plansiz.
Plansiz qogʻozga muhr bosishday
Goh qiyin boʻlarkan oʻzingni bosish.
Meni maʼzur tuting, birodar, asli,
Planda yoʻq edi bu sheʼrni yozish.
yoshlikjurnali.uz
@yoshlikjurnali
#adib_ijodxonasi
Yoshlik bu – dunyoning ozodlik fasli
Bolaligim onamga darddoshlik (to‘ng‘ich qiz edim-da) bilan o‘tgan. Mehnat ichida ulg‘ayganman. Chunki oilamizda faqat onam ishlardilar (avval o‘qituvchi, keyin qishloq soveti raisi bo‘lganlar, “Ural” motosiklini minib yurardilar). Uch amakim, uch tog‘am, ikki enam hamda biz uch bola onam qaramog‘ida edik. Tog‘alarim, amakilarim endi o‘smirlik yoshidan o‘tgan paytlar, biri ustaga, biri haydovchiga shogird, birlari kurslarda o‘qishardi.
👉davomi...
@yoshlikjurnali
#tavsiya
Hamma narsani o‘qiyverish yaramaydi, dilda tug‘ilgan savollarga javob bera oladigan kitoblarnigina o‘qish kerak.
Lev Tolstoy
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
Shoir o‘g‘risi
Kunlardan bir kun Rasul og‘a she’riyat kechasiga kechikib boradi. Zalga kirib minbarga qarasa o‘ziga o‘xshagan bir odam jo‘shib-toshib she’r o‘qiyotgan ekan. Hammaning diqqat-e’tibori o‘sha kishida, Rasul og‘a bilan esa hech kimning ishi yo‘q.
Tanaffusda Rasul og‘a o‘sha soxta shoirning yoniga borib o‘zini tanishtiradi:
– Tanishib qo‘yaylik, men... Rasul Hamzatovman!
Soxta shoir shunda ham o‘zini yo‘qotmay, surbetlik bilan javob qaytaradi:
– Yangilishyapsiz, Rasul Hamzatov – menman!
– Yo tavba! – deya hayratlanadi Rasul og‘a. – Shu yoshga kirib, she’r o‘g‘risini ko‘rgan edim, ammo shoir o‘g‘risini endi ko‘rib turibman!
@yoshlikjurnali
Yoshlikjurnali.uz
#iqtibos
Sofdil, vijdonli kishilar tinchlikni so‘zda emas, balki amalda – ish bilan, kurash bilan himoya qilish, saqlab qolish va mustahkamlash kerakligini biladilar.
G‘afur G‘ULOM
@yoshlikjurnali
#Eslaganim
Eng gullagan “Yoshlik”dagi chog‘larim!
Kechagi kunlarimga bir nazar solsam, Yaratgan egam ko‘p yaxshiliklar bilan siylagan ekan. Sharif makonlardan bo‘lmish Buxoroning eng chekka tumanlarining birida tug‘ilib-ulg‘ayib, so‘zga, adabiyotga muhabbat qo‘yib, yuragimni hapqirtiradigan orzu-niyatlar qilar edim. Orzularki, sevganim ijodkorlarni ko‘rsam, ularning suhbatini olsam derdim. Lekin bular qanday amalga osharkan?
👉davomi...
@yoshlikjurnali
“Oyina podkast“ining 2-soni: O‘ZBEK TILI – MILLIY G‘URURga aylandimi?
Mehmonlarimiz: Filologiya fanlari nomzodi, yozuvchi Olim Toshboyev va shoir Najmiddin Ermatov
Moderator: Sitora Barliboyeva
Toʻliq videoni koʻrish: https://youtu.be/65JmDqwIssM
Rasmiy sahifalarimiz👇
Telegram | Facebook | YouTube | X
#iqtibos
Tillarning turlicha bo‘lishiga sabab – odamlarning guruhlarga ajralib ketishi, bir-biridan uzoq turishi, ularning har birida bir-biriga ehtiyoj tug‘ilishidir.
Abu Rayhon BERUNIY
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#olis_yaqin_ovozlar
ONA TILIM
Odam soʻramasa, hayot tutmas bol,
Ot chopmasa, shamol oʻpmas yolini.
Bir bor koʻrganmisiz tildan qolgan chol
Va tili chiqmagan goʻdak holini?
Til bilan tirikdir yer uzra har kim,
Uningsiz vujudga baxt ham sigʻmaydi.
Tildan qolgan bobo ingraydi sim-sim
Va tili chiqmagan goʻdak yigʻlaydi.
Oynaga toʻsh urgan notavon qushday,
Bezabon el chiqmas ozod hovliga.
Yo tildan qolgan chol holiga tushgay,
Yo tili chiqmagan goʻdak holiga.
Mening ona tilim, sen sabab izhor
Qiloldim sevgimni — uygʻoq nafasman:
Demak, tildan qolgan cholmasman zinhor,
Yo tili chiqmagan goʻdak emasman!
Mansur Jumayev
Yoshlikjurnali.uz
@yoshlikjurnali
#kino
“Temir xotin”
O'zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Sharof Boshbekovning “Temir xotin” dramasi asosida suratga olingan filmni e'tiboringizga havola etmoqdamiz.
Ushbu drama "Yoshlik" jurnalining 1989-yil 5-sonida eʼlon qilingan.
"Yoshlik"ni kuzatib boring!
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#ruhfaryodi
★ ★ ★
Yo'q, shoir deb qarama atay,
Hukm etmakka shoshilma bir oz.
Men kuyinib sevaman, netay?
Men kuyinib so'zlayman, xolos.
Rauf Parfi
@yoshlikjurnali
#tavallud
20-oktyabr — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov tavvallud topgan kun!
Har qanday millatning, har qanday xalqning tirikligini va parvozini uning ikki qanoti – tarixi va tili taʼminlaydi.
yoshlikjurnali.uz
@yoshlikjurnali
#tavallud
25-oktyabr — iste’dodli shoir Suhrob Ziyo tavallud topgan kun!
Ay suygulim, bizning g‘am-u
bardoshimiz ham birgadir,
Ishq o‘ti yondirgan sham-u
quyoshimiz ham birgadir.
Ko‘zyoshimiz ham birgadir,
ko‘zlar piyolasida lim,
Ay suygulim...
Yoshlikjurnali.uz
@yoshlikjurnali
#Yosh_kitobxonga_tavsiya
Yigirma yildan so‘ng…
– Ammo yigirma yil yaxshi insonning yomon odamga aylanishiga yetarli muddat, – dedi novcha kishi. – Siz o‘n daqiqa mobaynida politsiya kuzatuvi ostida bo‘ldingiz, muloyim Bob. Biz Chikagodan telegramma oldik. Ular sizni suhbatga chorlashyapti. Tinchgina o‘sha yerga borasiz, shundaymi? Ha, bu oqilona ish. Stansiyaga borishdan oldin sizga berib qo‘yishim so‘ralgan xat bor. Bu politsiyachi Uvellsdan.
G‘arblik kishi kichik bir qog‘oz parchasiga yozilgan xatni oldi. Bamaylixotir o‘qiy boshladi, ammo tugatarkan, qo‘llari qaltirashga tushdi. Xat qisqa va lo‘nda edi:
“Bob, men kelishilgan paytda uchrashuv joyida edim. Sen sigarangni tutatgani gugurt chaqqaningda esa, Chikagoda qidiruv e’lon qilingan kishining yuzini ko‘rdim. Seni ushlab berishga o‘zimning qo‘lim bormadi, shuning uchun boshqa detektivni jo‘natdim.
Jimmi”.
Batafsil
Yoshlikjurnali.uz
@yoshlikjurnali
Badiiyatga ko‘chgan zamon surati
Asl muallimlar har bir uchirma qilgan shogirdlarini yurakning bir bandi bilan kuzatadi. Ya’ni qalbi ularda ketadi. Xuddiki joni bolasining ichida turgan onaizor kabi shodumon, baxtiyor va ayni damda g‘amgin-o‘ychan. Bu g‘amgin-o‘ychanlik g‘arib¬lik, yolg‘izlik alomati emas. Bu azbaroyi ko‘rinmas iplar bilan bog‘langan ustoz-shogird robitasidirki, uni faqat qalb bilan his qilish mumkin. Yana bir tomoni, Zokir O‘rin qarshisida bugunning old odami – tadbirkor Xo‘jamboy turibdi! Ustozning shogirdga muhabbati ta’madan yiroq. Ammo Xo‘jamboy buni boshqacha tushunadi. Ustozning yo‘qlab kelishini azbaroyi pulga muhtojlikdan, ko‘zyoshlarini mutelik belgisi deb biladi. Chunki uning qalbi muhrlangan, zang bosgan. U insoniy munosabatlarni-da pul bilan baholashga, o‘lchashga o‘rganib qolgan. Beta’ma insoniy sevgi, mehr unga yot.
Batafsil
Yoshlikjurnali.uz
@yoshlikjurnali
#tavallud
24-oktyabr – yosh iste’dodli shoir Asliddin Abdurazzoq tavallud topgan kun!
* * *
Bari o‘tdi.
Umrim – talotum –
Sudralganim rangsiz kunlarim...
O‘tdi
ko‘zda qotib qolgan xun –
tanholikning xudkush tunlari.
Bunda faqat bexud hechlikda
ich-ichimga cho‘kmish qarolig‘.
To‘larkanman shaffof bo‘shliqqa
ketdi tashlab soyalar – og‘riq.
Endi
o‘lim saqlar menda jon,
unutganman yormi, do‘stlarmi...
Og‘ritarmi tuproqni, zotan,
yuzidagi oyoq izlari?!
Bari o‘tdi.
Ko‘z yosh qurigan.
Vijdonga ham sepilmagay suv –
Xudo bergan xudosiz kunlar
iymonida quruq tazarru.
Tark ayladim
har ne mahduddir,
vaqtda mavjud sasu sukutni.
Shamollarning topgan shamoyil
ruhi yanglig‘ o‘tdimu ketdim.
Hammasi shu: munglig‘ xotima,
Toki yodim yitgayki...
Balkim,
unutilgan mangu xotira –
bu dunyodan
o‘tayotgan
men.
Asliddin Abdurazzoq
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
Diqqat, tanlov!
O‘ZBEKISTON YOZUVCHILAR UYUSHMASI,
IMOM BUXORIY XALQARO ILMIY-TADQIQOT MARKAZI,
O‘ZBEKISTON MUSULMONLARI IDORASI,
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI DIN ISHLARI BUYICHA QO‘MITA
Islom dinining ilm-maʼrifat, maʼnaviy poklik, axloqiy komillik, tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va bunyodkorlikka chaqiruvchi g‘oyalarini xalqqa, ayniqsa, yoshlarga yetkazish maqsadida “Jaholatga qarshi maʼrifat” g‘oyasi asosida buyuk mutafakkir Imom Dorimiy va allomaning ilmiy merosi davomchilari haqida badiiy asarlar yaratish bo‘yicha tanlov eʼlon qiladi.
Tanlovda Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari bilan bir qatorda barcha ijodkorlar ishtirok etishi mumkin.
Asarlar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga taqdim etiladi.
Taqdim etiladigan asarlar (elektron varianti bilan) kompyuterda 1,5 interval, 14 shriftda ko‘chirilgan bo‘lishi zarur.
Belgilangan tartib bo‘yicha taqdim etilmagan asarlar ko‘rib chiqilmaydi.
Taqdim etilgan asarlar mualliflarga qaytarilmaydi.
Taniqli ijodkorlardan iborat hakamlar hayʼati tanlovga taqdim etilgan asarlarni o‘qib, baholab boradi. G‘olib deb topilgan asarlar Yozuvchilar uyushmasi muassisligidagi adabiy nashrlarda hamda kitob holida chop etiladi. Mualliflar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantiriladi.
Tanlovga ijodiy ishlar 2025 yilning 1 iyuniga qadar qabul qilinadi.
Murojaat uchun manzil: Toshkent shahri, Bunyodkor ko‘chasi, Adiblar xiyoboni, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi. Telefon: 71. 231-83-67.
Elektron manzil: badiiy_adabiyot@mail.ru
#tavallud
23-oktyabr Iste’dodli shoir Sirojiddin Ibrohim tavallud topgan kun
* * *
Siniq jilmayishlar hasbi holidan,
Roviylik qilmoqning paytidir bugun.
Kim rozi oʻtibdi oʻz toleʼidan,
Valiylardan boshqa jami mardum gung.
Shular qatorida boshim boʻlgan xam,
Soʻzga holim yetmay turibdi bu on.
Koʻzlarim yoshini ravo aylasam,
Toʻxtamay don yanchar koʻhna tegirmon.
Bozorga kirmadim narximni bilib,
Eltar yoʻlga qoʻydim buzilmas tanda.
Qoshimdan oʻtardi holimdan kulib,
Sotilib-olinib chiqqan har banda.
Toʻgʻri, tuydim gohi arosat vahmin,
Ammo, qolmaganman men ham beega.
Dunyoga bir boqib, olaman-u tin,
Siniq jilmayaman yigʻlash oʻrniga.
Sirojiddin Ibrohim
@yoshlikjurnali
#tavallud
22-oktyabr — shoir Jamoliddin Badalov tug‘ulgan kun!
XATGA ILOVA
Endi meni yaqindan bilasiz.
Kech yotib, kech turishimni.
(Kamiga kechasi bilan kavshanib chiqaman)
Nos chekishimni.
Didsiz tanlangan kiyimlarim
Qo‘pol poyabzal
Arzon atir
Kallamning yondan xunuk ko‘rinishi
Ichkilikdan salqigan yuzim
Jizzaki va qo‘rqoqligimni.
Xullas,
Betartib hayotimni bilasiz endi.
Hatto,
Tug‘ilgan kuningizni unutib qo‘yganimni-chi!
Ehtimol, o‘ylagandirsiz –
“Shunday madaniyatsiz odam
qanday qilib she’r yozadi?!”
Menimcha, aytilmagan gap qolmadi.
Siri ko‘chgan choynak – men.
Uchgan piyola – kemtik ko‘nglingiz.
Endi
aybdor boladay
oldingizda o‘zimni
o‘ngaysiz sezyapman.
Shunday qilib,
Siz yoqtirib qolgan o‘sha –
Viqorli yigit
Sham kuydirgan kartina kabi
Ko‘z o‘ngingizda
Asta-sekin
Qurib, bujmayib,
G‘alati kichrayib qoldi.
...Uxlab yotganimda
Ehtimol, o‘ylagandirsiz –
“Ko‘zim qayoqda edi?”
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#olis_yaqin_ovozlar
OTAMGA
Oliftasi boʻlsam kerak odamning,
Har kun yangi libos olganim olgan.
Men-ku boyvachchaman, ammo otamning
Egnidagi chopon bobomdan qolgan.
Qoʻshilib qolsam bas biror davraga,
Tamom, hech kimga gap tegmay qoladi.
Otam-chi oʻzini olib panaga,
Hammaga jimgina quloq soladi.
Oʻzimcha shoirman mashhuru maʼlum,
Oʻzimcha qoʻllarim osmonga yetar.
Men shirin tush koʻrib yotgan tunlarim,
Otam bugʻdoyga suv haydashga ketar.
Garchi lotinchaga tushunmasa ham,
Sheʼrlarimni oʻqib zavqlanadi u.
Oynai jahonda koʻrinib qolsam,
Mening oʻgʻlim, deya maqtanadi u.
Kimning kimligini bilmoq istasang
Unga qalb koʻzing-la qarab, boq ekan.
Angladimki yaxshi shoir boʻlishdan,
Yaxshi oʻgʻil boʻlish qiyinroq ekan.
Otam dunyodagi eng yaxshi odam,
Yomon oʻgʻildirman, balki unga men.
Har lahza sajdalar qilaman, otam
Sogʻ-omon oʻtkazgan har bir kunga men.
Iftixor Xonxoʻjayev
@yoshlikjurnali
#hozir_javob
– Siz uchun yozish (ijod) nima?
Guljamol Asqarova: – Yashashga arzirli bog‘liqlik. Meni hayotga bog‘lab turadigan, atrofimdagi absurd va saroblar ichida har qalay rost va bor xilqatim. Ko‘p narsa o‘tkinchi, lekin ijodda nimagadir erishsang, odamlar qalbida uzoqroq yashash imkoning bo‘ladi. Abadiyat qayg‘usi sehrlaganki, odam uchun ijod bu – xonumon, ijod bu – borliq, ijod bu – hamma va hamma narsa.
Ibrohim G‘afurovning “O‘zimni bir lahza ham so‘z azobidan forig‘ ko‘rmadim”, degan so‘zlarini eslasam, yashashga arzirli vosita, ya’ni ijod odami ekanimdan faxrlanaman... So‘z, ijod qadrsizlangan, xaltura ustuvor bo‘lgan holatlarni ko‘rib, xafa bo‘laman.
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#tilimiz_dilimiz
Ona tilim
Ona tilim – yurak qatimdan
Mehr bo‘lib sochilgan jarang.
Qulog‘imga go‘dak paytimdan
Alla bo‘lib singigan ohang.
Ona tilim – necha asrlar
Kurashida yenggan polvonim.
Necha ajdod, necha nasllar
Suyib o‘tgan turkiy zabonim.
Ona tilim – do‘ppi kiygan so‘z,
Doim yangi yo‘lcha-atlasi.
Bir satriga tashlasangiz ko‘z,
Tovlanadi ming-ming qirrasi.
Ona tilim – asalchoy ta’mli,
Bulbultalqin, muhabbatsheva.
Lablarimga ko‘chirgum doim
Talaffuzin men seva-seva.
Ona tilim – yurak qatimdan
Mehr bo‘lib sochilgan jarang.
Qulog‘imga go‘dak paytimdan
Alla bo‘lib singigan ohang…
Iroda Umarova
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#til_bayrami
21-oktyabr o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun
Yoshlikjurnali.uz
@yoshlikjurnali
#nasr
“Yoshlik” jurnalining 1989-yilgi 5-soni.
Sharof Boshbekovning “Temir xotin” dramasi.
Ushbu drama O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.
@yoshlikjurnali
#mangu_hikmatlar
Abdulla akaning aytganlari
* * *
Adabiyot ilmi xuddi yong‘oqqa o‘xshaydi: sirti qattiq, lekin ichidagi mag‘zi shirin. Yong‘oqni chaqaman deb ba’zan tishing ham sinishi mumkin. Bunga faqat bardosh kerak.
* * *
Ko‘pincha yoshlar: «Qanday yozish kerak?», «Qanday qilsa yaxshi yozuvchi bo‘lish mumkin?» – deb so‘rashadi. Meningcha, yozish ishi shunday murakkabki, yaxshisi uni birovdan o‘rgangandan ko‘ra o‘zing o‘rganganing osonroq. Chunki senga hech kim, mana bunday qilsang yaxshi yozuvchi bo‘lasan, deb retsept berolmaydi.
* * *
...Ayniqsa bolalarga yozadigan yozuvchi samimiy bo‘lishi kerak. Samimiy bo‘lmagan yozuvchi samimiy asar yozolmaydi.
Nosir Fozilov
yoshlikjurnali.uz
@yoshlikjurnali