#Qutlov
Bugun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi va xuquqshunos Do‘stbek Sulaymonovning tug‘ilgan kuni
U 1981-yili 21-fevralda Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanining Quvkalla qishlog‘ida tug‘ilgan. Samarqand davlat universitetida tahsil olgan. Yozuvchining “Cho‘qqilarga intilib”, “Salom qani?”, “Zavol bo‘lgan umrlar”, “Badiiy ijod sirlari” asarlari nashr etilgan.
Yozuvchining "Buqalamun" asarini shu havoladan o‘qishingiz mumkin.
👉Davomi...
@yoshlikjurnali
#Olis_yaqin_ovozlar
***
Oqqa burkayotir zaminni samo,
Billurlanib borar za’faron olam.
Parishon oqsochga o‘xshaydi shamol,
Kumush tangalarni sochar xotirjam.
Rahmat parchalari yog‘ib damodam,
Qayon borsam, asta ortimdan chopdi.
Go‘yo farishtalar tushib samodan,
Boshimni siladi, yuzimdan o‘pdi.
Yo‘q, hozir boshqasi kelmas qo‘limdan,
To‘yib tikilaman yetib vasliga.
Behisob mo‘jiza o‘ngu so‘limda,
Beqaror bu qalb ham qaytgan asliga.
Yig‘ishtirib qo‘yib hamma narsani,
O‘yladim, o‘ylarim yorug‘lik bo‘ldi.
Lahzaga bexato ulab lahzani,
So‘raganim oqlik – ulug‘lik bo‘ldi.
Voajab, hammasi kiyinmish birday,
Yosh-qari uylarning boshida oq bo‘rk.
Meni hayratlarga to‘ydirmoqchiday,
Ko‘zimga mo‘jiza to‘kaverdi ko‘k…
Behzod Fazliddin
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#Bir_muxlis
“Yoshlik” jurnali muxlislari chekka qishloqlarda ham jajji o‘quvchilari bor ekan.
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#Olis_yaqin_ovozlar
* * *
Qanday yaxshi, gulzor bog‘larda
Kapalakday uchib, yayrasang.
Cho‘ntagingda bir chaqa qolmay,
Hech tashvishni bilmay yashasang.
Qanday yaxshi, yastanib gulgun,
Oppoq ko‘ylak yaltiroq shimda,
Suygan qizing yonida tursang,
Ijaraga olgan kiyimda.
Qanday yaxshi, vafodor do‘sting
Sodiq hamdam bo‘lsa-yu senga,
Ishi tushsa, borging kelmasdan,
Ishontirsang yolg‘on gapingga.
Qanday yaxshi, yursang shaharda,
Kostyumingga yuqtirmay changni.
Sizni har kun o‘ylayman deya,
Xursand qilib qo‘ysang onangni.
Qanday yaxshi, ming bor yalinib,
Muharrirga termilib tursang.
She’ring chiqib, o‘z qishlog‘ingda –
Men shoir deb kerilib yursang!
Qanday yaxshi…
Oqil Abdubarnoyev
👉 Davomi
@yoshlikjurnali
📚 Natijalar bilan tanishing, “Yosh kitobxon” tanlovining 10-14 yosh toifasi final bosqichi gʻoliblari aniqlandi
🥇Muxammadiyeva Nargiza Ulmas qizi 417,4 ball (Samarqand viloyati) Cobalt avtomobili sohibi;
🥈 Mansurjonova Eʼzoza Jasur qizi 387 ball (Namangan viloyati) 50.000.000 so’m pul mukofoti sohibi;
🥉Sharopova Halima Sherali qizi 379 ball (Buxoro viloyati) 30.000.000 soʻm pul mukofoti sohibi;
Final bosqichida qatnashgan barcha ishtirokchilar 10.000.000 soʻmdan pul mukofoti bilan taqdirlandi.
💐Yoshlar ishlari agentligi jamoasi nomidan barcha gʻoliblar va ishtirokchilarni samimiy tabriklaymiz!
#YoshKitobxon #taqdirlash
📚 @yoshkitobxonuz
#Qutlov
Quddus Asad 1998-yili 16-fevralda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. Guliston davlat universiteti bakalavr va magistratura bosqichini tamomlagan. Respublika yosh ijodkorlarining an’anaviy Zomin seminari ishtirokchisi (2018).
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Birinchi kitobim” ruknida “Dolg‘a” nomli she’riy to‘plami chop etilgan.
Shunchaki
Shunchaki kelmaydi dunyoga odam,
Shunchaki tug‘maydi ona dard chekib.
Yaxshilik qilmoqlik kerakdir har dam,
Olamga ezgulik urug‘in ekib.
Shunchaki qichqirmas xo‘roz ham sahar,
U hayot zangini chaladi nogoh.
Shayton g‘aflat uzra tutganda zahar,
Basharni fitnadan etguvchi ogoh.
Shunchaki berilmas dard-u g‘am, g‘ussa,
Shunchaki berilmas ayriliq, motam.
Qachonki boshiga ko‘rgulik tushsa,
G‘am cheksa, Xudoni eslaydi odam.
Shunchaki berilmas mustaqil zamin,
Ajdodlar shunchaki to‘kishmadi qon.
Er yigit ko‘tarar el-yurtning g‘amin,
"Vatan"- der vujudin tark etguncha jon.
Shunchaki tilda ko‘rk olmasin Vatan,
Yurt uchun qilmoqlik kerak jon fido.
Dunyoga shunchaki kelmadik zotan,
Shunchaki ketmoqdan asrasin Xudo.
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#Yoshlik_madhi
YOSHLIK
Yoshlik, seni suratimda ko‘rmoqdaman,
Barisini endi sendan so‘rmoqdaman,
Kundan-kunga toshga o‘xshab bormoqdaman,
Senga boqib bag‘rim bo‘lak-bo‘lak bo‘ldi,
Bu kun o‘sha soddaliging kerak bo‘ldi.
Toychoq qilib minganlarim hassa edi,
Bu buvimning quvonchiga hissa edi,
Dil tomida boychechagu maysa edi,
O, orzular endi oddiy ermak bo‘ldi,
Bu kun o‘sha soddaliging kerak bo‘ldi.
Endi chindan to‘yib-to‘yib yig‘lagayman,
Seni ko‘ngil kulbasida saqlagayman,
Umrimni ham endi senga bog‘lagayman,
O‘, bir lahzang xotiramda yuksak bo‘ldi,
Bu kun o‘sha soddaliging kerak bo‘ldi.
Shodi OTAMUROD
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#Bugunning_gapi
O‘qilishi zarur bo‘lgan kitob (va jurnal)lar ko‘pligi uchun ham yashashingiz kerak!
Saidislom
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#Kechinma
YOSHLIK
Yillar devor osha ko‘cha hatladi,
Sho‘xchanlik yarashar yoshingga chunon.
Sen mening yonimda qo‘l yetmas bo‘lding,
Men sening yodingda hur qizman hamon.
Ulgurmay yumilgan ko‘zni ochmoqqa,
Yonimdan lip etib o‘tding-da ketding.
Kelding-da yuzimga sepkil sochmoqqa,
Qadringga yetmasdan, sen kimga yetding.
Men-chi, o‘zib ketdim uquvsiz yildan,
O‘zin oqlamoqchi bo‘lar beboshlik.
Ota uyim qolgan bag‘ri keng yo‘ldan,
Bugun bolam bo‘lib o‘tasan, yoshlik.
Nilufar Umarova
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#Buyuklar_bir_kuni
Tolstoy nega ko‘p va xo‘p yozgan?
Asqad akaning har xil majlislar, tadbirlarga xushi yo‘qroq edi. O‘sha davrda qardoshlar yurtida adabiyot kunlarini haftalab o‘tkazish urf bo‘lgandi. Bir kuni Asqad aka Leningradda o‘tkazilgan adabiyot kunlaridan qaytganda yozuvchi Tohir Malik “Safarlar yaxshi o‘tdimi?” deb so‘raydi. Shunda Asqad aka kulimsirab “Ha, bir hafta umrimizni sovurib keldik” deydi, keyin yana qo‘shib qo‘yadi: “Litvalik mashhur shoir Eduard Mejelaytis zo‘r gap aytdi. “Asqad, bilasanmi Lev Tolstoy nima uchun ko‘p va xo‘p yozgan? SSSR Yozuvchilar soyuzi Lev Tolstoyni shunaqa yig‘inlarga chaqiraverib vaqtini olmagan, emin-erkin ijod qilishiga xalaqit bermagan”.
Sh.Otabek
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#Kun_hikmati
Har kimdan yaxshi qoida qolgan bo‘lsa, aning bilan amal qilmoq kerak, agar ota yomon ish qilg‘on bo‘lsa, yaxshi ish bilan badal etmoq kerak.
Zahiriddin Muhammad BOBUR
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#Olis_yaqin_ovozlar
O‘ZBEKNING ERTASI
Umid bor – birdan-bir yarog‘i xalqning,
Bugun bo‘lmagani ertaga bo‘lar.
Erta yuzlab kelar, erta kelar ming,
Ertalar qalblarda gul kabi so‘lar.
Bugun ish o‘xshamas, mayli, armon yo‘q,
Ertaga hammasi tushar joyiga.
Ertadan oydinroq biror zamon yo‘q,
Orzular eltamiz erta poyiga.
Ertaga yechilar turmush mushkuli,
Bugunga topsang bas bir siqim sabot.
Xalq hamon havoyi umidning quli,
Susambil hayoti – kelajak hayot.
Ertani kutajak uxlar odamlar,
Uyqusida erta, tushida erta.
Uyg‘otar tongda ham kechagi g‘amlar,
Kechagi tashvishlar yelkani turta.
Qoyil qolmay bo‘lmas donishmand xalqqa,
Ko‘nglini ko‘tarish yo‘lin biladi.
Qachon sarob xayol do‘najak haqqa,
O‘zbekning ertasi qachon keladi?
Xurshid ABDURASHID
@yoshlikjurnali
#Eslaganda
Omon aka o‘zbek adabiyotining yuksak chinorlaridan biri edi. Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Cho‘lpon Ergash, Ma’ruf Jalil kabi she’riyatimiz ob-havosini belgilab turguvchi ijodkor edi. Ayni shu sababdan ham uning merosi adabiyotimizning kelgusi taqdiriga ham juda uzoq yillar ta’sir ko‘rsatadi, deb o‘ylayman.
Xurshid Davron
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#Mitti_hikoya
ARSLON
Sher bolasi o‘rmonda tug‘ilgandi. Bir gal behush bo‘lib, ko‘zini ochdi-yu, o‘zini hayvonot bog‘ining temir panjarali tosh qafasida ko‘rdi. Otasining beliga, keng o‘rmonga sig‘magan arslon, tor qafasga sig‘armidi?
Qochdi.
Uni izlay boshladilar. Endi sherbachcha yer-u ko‘kka sig‘mayotgandi. U qishlog‘imizga kelgan ekan. Odamlarning ko‘ziga tashlanib, hayvonot bog‘i ma’muriyati bundan xabar topdi.
U qirdagi hovlimizga keldi. Ta’qibchilar bu yerning-da daragini topishdi. Dunyoga sig‘magan arslon torgina uyimga sig‘di. Lekin hademay bu yerga ham kelishdi. Eshik taqilladi. Arslon qochadigan boshqa joy qolmagandi. Shunda...
Ta’qibchilar uyimni tintib, arslon tugul, kuchukvachcha ham topolmadilar.
– Yolg‘on xabar berishibdi! – deya so‘kinishdi.
Arslonni hech qayerdan topisholmadi. Topolmaydiyamda! Chunki... men arslonni yuragimga yashirgandim...
Mansur Jumayev
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#Buyuklar_hazili
Jamiladan so‘rang
Chingiz Aytmatovning “Jamila” qissasi chop etilishi bilanoq mashhur bo‘lib ketadi. Asarni fransuz tiliga tarjima qilgan mashhur adib Lui Aragon uni “dunyodagi eng yaxshi sevgi qissasi” deb ataydi. Ammo Qirg‘izistonda asarga boshqacha nuqtai nazardan qarab, tanqid qiluvchilar ham yo‘q emasdi. Ular eri urushga ketgan Jamilaning qandaydir Doniyor degan bir kelgindini yaxshi ko‘rib qolib, u bilan qochib ketganini xazm qilisholmaydi. Asar haqidagi qizg‘in muhokamalardan birida Aytmatovning ashaddiy tanqidchilaridan biri adibga tik qarab, shunday savol beradi:
– Qani aytingchi, Jamila eri bo‘la turib nega Doniyor bilan qochib ketadi?
Shunda Chingiz Aytmatov o‘zini yo‘qotmay, dadil javob qiladi:
– Buni Jamilaning o‘zidan so‘rash kerak!..
Sh.Otabek
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#Bir_kuni
Shoir qidirgan shoir
Navro‘z bayrami kuni Shukur Qurbonning eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab qoladi. Shoir eshikni ochib, ostonada Ma’ruf Jalilni ko‘radi.
– E, keling Ma’ruf aka, keling. Qani ichkariga...
– Rahmat, Shukurjon, shoshib turibman. Shu... bir-ikki soatga vaqtingiz bormi?
– Nima gap o‘zi? Tinchlikmi?
– Tinchlik, tinchlik. Shu... mahallamizda Navro‘z tadbiri bo‘lyapti. Shunga... oqsoqolimiz bitta shoir topib keling deb iltimos qiluvdi.
Bu gapni eshitgan Shukur Qurbon beixtiyor kulib yuboradi. ¬
– Axir o‘zingiz katta shoirsiz-ku, Ma’ruf aka!?
– Endi... u yaramaslarning ko‘ziga men shoirga o‘xshab ko‘rinmasam kerak-da, Shukurjon. Mayli, yuraqoling endi.
Rahmatli Ma’ruf Jalil shunaqa sodda, hokisor odam edi. Darvoqe, Muhammad Yusuf “Ma’ruf Jalil» degan she’rida shunday yozgan edi:
Xokisorligim ham ko‘rolmaslar bor,
Goho rahmim kelar dushmanlarimga.
Uzun umrim uzun g‘am bo‘ldi, yana
Ne azob bor mendek ko‘ngli yarimga?..
Goho o‘z-o‘zimni koyiyman: Ma’ruf
Tag‘in ayblaringdan ayt biron narsa...
O‘zim raqibimning uyiga borib,
Kechirim so‘ragim kelar, qiynalsa!
Sh.Otabek
@yoshlikjurnali
#Bir_kuni
Payshanba nimani anglatadi?
Boshida do‘ppi, oyog‘ida etik, mo‘ylov qo‘ygan, bo‘yinbog‘ taqmagan Ma’ruf akani ko‘rganlar uni dehqon yoki qishloq xo‘jaligi xodimi deb o‘ylashar edi Rostgo‘y, samimiy she’rlari ham o‘zi kabi sodda, xalqchil edi. Shunday insonlarni astoydil izzat-hurmat qiladigan noshir Jahongir Pirmuhammedov bir kuni Ma’ruf akadan so‘rab qoladi:
– She’rlaringiz ostiga “Payshanba” so‘zini yozib qo‘yibsiz. Biz o‘zbeklarning uyida payshanba osh damlanadigan kun bo‘lgani bois shu kuni ilhomingiz jo‘shib, ko‘proq she’rlar yozganmisiz?
Ma’ruf aka bu gapni eshitib xandon tashlab kulib yuboradi. Keyin unga hayron bo‘lib qarab turgan hamsuhbatiga gap nimada ekanini tushuntiradi:
– Obbo Jahongir aka-yey! She’rlarim ostidagi bu so‘z siz o‘ylagan “Payshanba”ni anglatmaydi. Tug‘ilgan qishlog‘imning nomi “Payshanba”, tushundingizmi? Ko‘pgina she’rlarim o‘sha qishlog‘imda yozilgan.
Sh.Otabek
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#Sobir_Oʻnar_60_yilligi
Sobirjon sof va pokiza tuyg‘ulardan qad rostlagan insonni izlamoqchi? Uning dardi shu, yozuvchi o‘laroq xayolida, yuragida saqlanib yotgan musaffo tuyg‘ular-sezimlarni topmay qo‘ymaydi, topolmasa, o‘zi yaratadi, vujudga keltiradi, oxir-oqibat o‘quvchini o‘sha tuyg‘ularga oshno etadi.
Xurshid DO‘STMUHAMMAD
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#Buyuklar_bir_kuni
Shoirligini biladi
Shoir Usmonxo‘jayev matbaachilik, noshirlik kasbining barcha sir-asrorini puxta biladigan va ijodkorlarni qadrlay oladigan mutaxassis sifatida tanilgan edi. Rahmatli do‘sti Mashrab Boboyevning ta’rificha, hamma bilan til topish san’atini ham mukammal egallagandi. U Erkin Vohidovdan keyin uzoq yillar o‘z davrida ancha nufuzli hisoblangan G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotni boshqargan. Keyinchalik, “Yozuvchi” nashriyoti tashkil etilgach, tajribali mutaxassis sifatida u yerga yuboriladi.
Shoir aka bir vaqtlar ishlab chiqarish bo‘limida xizmat qilib yurganida, bir kuni nashriyotga o‘z davrining mashhur shoiri kelib qoladi. U Shoir akaga duch kelib, so‘raydi:
– Oting nima?
– Shoir.
– Shoirligingni bilaman, kitoblaringni o‘qiganman, men otingni so‘rayapman.
Sh.Otabek
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#Qutlov
Mansur Jumayev 1991-yilning 17-fevral sanasida Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan. Shoirning “Oq orzularim”, “Hayrat qoʻshiqlari” nomli she’riy toʻplamlari nashr etilgan. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
...
Koʻz yoshi ham kutmagin
sevinmagan odamdan;
sevgi soʻrma,
sevgilim,
sevilmagan odamdan.
Ishq tilasang har mahal,
oshiq boʻlib soʻragin;
barmoqlaringga mahtal
eshik mening yuragim.
Yoʻling tushgan zamoni,
yoymay ovozasini,
bir yoʻl chertib oʻt, jonim,
qalbim darvozasini.
Faqat bir shart:
chorlasam,
kirsang,
hasrat chekish yoʻq,
bu eshikdan, azizam,
kirish bordir,
chiqish yoʻq!
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#Qutlov!
Dilshod ShUKUR
1984-yili 16-fevralda tug‘ilgan.
O‘zbekiston davlat san’at institutining san’atshunoslik jurnalistikasi fakulteti bakalavr va magistratura bosqichlarini tamomlagan. O‘zR FA San’atshunoslik ilmiy tadqiqot instituti aspiranturasida tahsil olgan.
Ummondagi gul
Turlangan dunyoda daydi kemadek,
Taqdir to‘lqiniga ergashardim jim.
Nega yo‘llarimdan chiqding, sen ey gul,
Cheksiz ummonlarga uzib otmish kim?
Nega sohilingdan bunchalar yiroq,
Suzib borayapsan ufqqa yakkash?
Balki ilk sevgidan qolgani firoq,
Yolg‘onchi dunyoda kezasan sarkash?!
Nega yuksaklarga yo‘llamas ummon,
Axir u samoga tutashgan, yaqin?!
Nega ishq yo‘lida qurbonsan hamon,
Baxtli bo‘lmoqlikka yo‘qmidi haqqing?!
Yo Robbim, charchadim javoblar kutib,
Nega gulshan aro shu gul saylanmish?
Nega ishq ko‘shkida bir bog‘lam maktub,
Bir siqim kuyuk dil – gulga aylanmish?
Shafaq girdobida cho‘kib borar kun,
Nurlarini cho‘zib kutadi najot.
U so‘nar, ammo oy yog‘du sochib tun,
Gulni tebratadi, mavjlarda hayot.
Shunday aylanadi borliq – charxpalak,
Sen ey, gul, suzyapsan, aytgin, qay tomon?
Turlangan dunyoda daydi kemadek,
Ortingdan ergashib yuribman hamon.
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#Bir_kuni
Qofiyali fikr
Shoir Uyg‘un Zohidjon Obidov bilan juda inoq bo‘lgan, safarlarda hamisha o‘ziga hamroh qilib olgan. Kunlardan bir kun Zohidjon aka xorij taassurotlari asosida yozgan turkum she’rlarini ustozga o‘qib beradi. Ularda chet el hayoti, burjua axloqi, kapitalistik tuzum ayovsiz qoralanadi. Shoir o‘sha she’rlarini zo‘r ishtiyoq bilan o‘qib bergach, ustozdan fikrini so‘raydi. Shunda oqsoqol fikrini qofiyaga solib aytadi:
Ular yomon, biz yaxshi,
Dedi Zohidjon baxshi.
Sh.Otabek
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#Yoshlar_ovozi
***
Kim non talab bo‘ladi,
Kim shon talab bo‘ladi.
Odamlar-u odamlar
Men ishq talab bo‘laman.
Umrim tugab borsa ham,
To‘qmoq boshim yorsa ham.
Dunyoni suyguvchilar
Men ishq talab bo‘laman.
So‘ngi yorug‘ kungacha,
Bomdoddan to shomgacha.
Huftondan bomdodgacha,
Men ishq talab bo‘laman.
Yonib, tugab, so‘nguncha,
Osmon qulab tushguncha.
Tanim tuproq quchguncha,
Men ishq talab bo‘laman.
✍️ Mehriddin
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#Olis_yaqin_ovozlar
Uyg‘on
Uyg‘on, ey ona yurt, uyg‘on, ey Turon,
Kimligingni aytsin bu ko‘hna tuproq.
Uyg‘onsin nomusing, ko‘ksingdagi shon,
Va ishon,
Va ishon!
Haqlilar ichinda haqlisan ko‘proq.
Sening bobong tog‘ni titratgan botir,
Ayt, nega mudraysan, uyg‘ongin, o‘g‘lon.
Sen ham ular kabi mardsan, bahodir,
Uyg‘onsin nomusing, ko‘ksingdagi shon.
Otlarning dupuri tushingni buzsin,
Oringni o‘rtaga qo‘yib jilov tut.
Bolangning bo‘yi ham g‘ururi o‘ssin,
Mardlarni eslab qol, nomardni unut.
Yigitlar er bo‘lib so‘raydi elni,
Xilvatda yurmaydi qilib ko‘zyoshi.
Agar sen nomusdan bog‘lasang belni,
Qo‘llab turar Shermuhammad qo‘rboshi.
Murodga yetguncha izingga qaytma,
Bir o‘zing ming chog‘lik qo‘shindek tizil.
Jon bersang, shu Vatan nomini ayt va
Yiqilma,
Yiqilma!
Tik turib uzil!
Islomjon QO‘CHQOROV
@yoshlikjurnali
#Chorlov
“Yoshlik” jurnalini o‘qigan odam, faqat yutadi, yutqazmaydi!
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#Mitti_hikoya
Mehribon
«Dunyoda faqat yuraklilar qolsin», deganda men navbat kutmay o‘tib ketishga shaylandim. Onamga ko‘zim tushdi − qo‘lida yuragi bor edi. U meni yoniga chaqirib, qulog‘imga sekin shivirladi:
– O‘g‘lim, balki sen qolarsan-a?!.
Chempion
So‘nggi gaplardan xabar topgan Sharifa xola bir ko‘zi ko‘kargan qiziga qarar ekan, goh afsuslanib, goh hursand bo‘lardi.
Qo‘shnilarga «kuyovim boks bo‘yicha jahon chempioni» deb maqtagani bekorga emas ekan...
Rahmat BOBOJON
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#Eslaganda
Yevgeniy Yevtushenko o‘zbeklardan faqat bir shoirnigina tan olgan, ruscha to‘plamiga so‘zboshi bitgan, ayrim she’rlarini tarjima ham qilgan. Kamina Omon Matjonni nazarda tutmoqdaman. Oxirgi marotaba xonadonida ko‘rishganimizda – 2020-yilning 27-fevralida – ustoz: shu kursida Yevtushenko o‘tirgan, saylanmasiga dastxat bitib bergan, degandi. Javonda taxlangan durdonalar orasidan o‘sha saylanmani topganman.
Bahrom Ro‘zimuhammad
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#Olis_yaqin_ovozlar
Otam bor, onam bor
Tushkunlikda yashama, inson,
Baxtli kunlar hali keladi.
O‘zgarmagan hech vaqti, ishon,
O‘zgarganlar buni biladi.
Tushkunlikda yashama, inson,
Alloh berdi qancha do‘stlarni.
Munosibsan baxtingga, inon,
Mehr-la to‘ldir kam-u ko‘stlarni.
Tushkunlikda yashama, inson.
Abdulla QAHRAMONOV,
Toshkent davlat texnika universiteti talabasi
2022/4
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#Olis_yaqin_ovozlar
* * *
Na sas keldi,
Na-da bir sado.
Dunyo uzra bong urdi jimlik.
Bosh ushlagan og‘ochsiz har dor
Kimligiga aylanar kimning.
Shaxs qaytadi, o‘lik tafovut
Tiriklikka qilar qaytariq.
Fikr yorug‘likdek qarodir,
Yoshlik qarilikdan ham qari.
Na sas keldi,
Na boshlandi jang.
Bir qafasda yuz minglab lashkar…
Axir, vaqtning qulog‘i garang –
Qulog‘i buralgan uxlashga.
Borlik borliq uzra hayqirdi,
Iz izlagan manzilga yetdi.
Biz ham uxlayotgan aqlning
Uyqusida uyquga ketdik.
Feruz NE’MATULLAYEV
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
#Olis_yaqin_ovozlar
NAVOIYDAN SABOQ OLSIN
Dunyo to'la nazmu nasr,
Ammo puxta necha asr.
Kim ash'or-la qursa qasr,
Navoiydan saboq olsin!
Nafis majlis qilay desa,
Qush tilini bilay desa,
El boshini silay desa,
Navoiydan saboq olsin!
Qaysning buyuk ishqini ham,
Farhodning zo'r ishini ham,
Bo'lay desa komil, bekam,
Navoiydan saboq olsin!
Savobni-yu sahovatni,
Xushfe'llig-u adolatni,
Muhhabbatga sadoqatni,
Navoiydan saboq olsin!
Ilm-u urfon izlasa kim,
Hilm yo'lini ko'zlasa kim,
Yo'l axtarib, bo'zlasa kim?
Navoiydan saboq olsin!
Ming yilliklar asrori bor,
Xazinaki, topmas zavol,
Oltin onni qilmay uvol,
Navoiydan saboq olsin!
✍️Hayotjon Abdullayev
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz