Adabiyot yashasa, millat yashaydi. Фикр ва мулоҳазаларингизни, адабиёт ҳақидаги мақолаларингизни шу манзилга йўлланг: @yozuvchilarbot
CHIN XAZINA
Paralimpiya rekordchisi Asila Mirzayorovaga
Bu yurtning garchi keng jazirasi yo‘q,
Dengizi, ummoni — vahimasi yo‘q.
Uning chin, asil, pok farzandlari bor,
Farzanddan azizroq xazinasi yo‘q.
Asila mingani oltin otini
Maqtayin dedim men zafar totini.
Axir, dil izhorga shoir zotining
Sheʼridan boshqa bir vasilasi yo‘q.
Garchi u olamda o‘n yildan bu yoq,
Ko‘ripti na shakl, na rang, na bo‘yoq,
Ko‘rar ko‘z yo‘q, ko‘rar ko‘ngil bor biroq,
Ko‘ngildan o‘zga nur — basirasi yo‘q.
U baxtdan ko‘z yoshi to‘ksa bir mayin,
Dil ko‘zim ochildi, chog‘i, bilmayin,
Muhabbat — dunyoning eng eski mayi,
Bebaxtdir, kim undan nasibasi yo‘q.
Seving, nafs otidan ingani seving,
Seving, shu kibrning singani, seving,
Vatanni Asila singari seving!
Farzandning bundan cho‘ng vazifasi yo‘q.
Har kimning o‘z aytar kalimasi bor,
Tojira, mashhura, jamilasi bor.
O‘zbekning eng asil Asilasi bor!
Boshqaning bunchalik Asilasi yo‘q!
Mansur Jumayev,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi
#Mustaqillikning_33_yilligi
"Vatan chegarasi"
Shodi Otamurod,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi
Para yengil atletikaning galdagi dasturida oltin va bronza medallari bizniki bo’ldi
Para yengil atletika bahslaridan xushxabar. Yaqinda yakunlangan erkaklar o‘rtasidagi F37 klassida yadro uloqtirish dasturida delegatsiyamiz hisobiga 2 ta medal yozildi.
Qudratullaxon Ma’rufxo‘jayev 16.37 metr natija bilan chempionlikni tantana qilgan bo‘lsa, 15.24 metr natija qayd etgan Tolibboy Yo‘ldoshev bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Parij-2024: Kubaro Hakimova kumush medalga sazovor boʻldi
Parij-2024 yozgi Paralimpiya oʻyinlarida delegatsiyamiz hisobida navbatdagi medal. Para yengil atletikachimiz Kubaro Hakimova F41 klassida kechgan yadro uloqtirish bahslarida kumush medalga sazovor boʻldi. Hamyurtimiz murosasiz bahslarda 10.36 metr natija qayd etdi. Mazkur yoʻnalishda ishtirok etgan boshqa bir hamyurtimiz Madina Muxtorova 8.10 metr bilan sakkizinchi boʻldi.
Shu tariqa, Oʻzbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar hozircha 2 ta kumush va 1 ta bronzani tashkil qilmoqda.
Parij-2024: Muslima Odilova joriy Paralimiya o’yinlaridagi ilk medalimizga mualliflik qildi
O’zbekiston delegatsiyasi Parij-2024 yozgi Paralimpiya o’yinlaridagi birinchi medalini qo’lga kiritdi. Unga para suzuvchimiz Muslima Odilova mualliflik qildi. S13 klassida ishtirok etgan hamyurtimiz 100 metrga batterflyay usulida suzish dasturida marraga uchinchi bo’lib yetib keldi va bronza medaliga sazovor bo’ldi. Musobaqada qatnashayotgan qolgan yurtdoshlarimizga omad va muvaffaqiyat tilab qolamiz.
Turkiyada Alisher Navoiyga haykal qo‘yildi
Anqarada mutafakkir, turkiy olam shoiri va davlat arbobi Alisher Navoiyga bag‘ishlab o‘rnatilgan haykalning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi Alisher A'zamxo‘jayev va mahalliy rasmiylar ishtirok etdi.
Qutlov
HAMIDULLA BOLTABOYEV
Filologiya fanlari doktori, professor, uyushma aʼzosi Boltaboyev Hamidulla Boltaboyev 70 yoshni qarshi oldi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi ustozni qutlug‘ yoshi bilan muborakbod etadi.
Hamidulla Ubaydullayevich Boltaboyev 1954-yilda Andijon shahrida tug‘ilgan.
Hamidulla Boltaboyev yurtimizning eng taniqli adabiyotshunos olimlaridan va obro‘li pedagoglaridan biri. O‘nlab ilmiy tadqiqotlar, adabiy-nazariy yo‘nalishdagi kitoblar, darslik va qo‘llanmalar, yuzlab maqolalar muallifidir.
O‘zbekiston tedevideniyesi orqali qator maʼrifiy va adabiy ko‘rsatuvlar olib borayotgan va millionlab tomoshabinlarning eʼtiborini topgan olim va muallimdir.
Respublika universitetlari uchun O‘zbek mumtoz adabiyoti, Adabiyotshunoslik va struktural metodlar, Tasavvuf va mumtoz poetika asoslari fanlari bo‘yicha darslik va dasturlar muallifi. “Nasr va uslub” (1991”), “Sharq mumtoz poetikasi” (2006), “Fitrat va jadidchilik” (2007), “Adabiy-estetik tafakkur tarixi” 1-2 jild (M.Mahmudov hammuallif, 2013, 2016), “Adabiyot ensiklopediyasi” 1-3 jild (2015, 2019, 2022), “Jahon adabiyotshunosligi tarixi” (2020) kabi darslik va o‘quv qo‘llanmalari yurtimizdagina emas, xorijiy mamlakatlarda ham zarur o‘quv qo‘llanmalari sifatida foydalanilmoqda. Xorijda “Ntsir va uslub” (Istanbul, 2006), “Fitrat va jadidchilik” (Anqara, 2019) kabi kitoblari chop etilgan. Akademik litseylar uchun “Adabiyot qoidalari” (2001) va umumtaʼlim maktablari uchun “Adabiyot” (8-sinf) darsligi besh marta qayta nashr (2000-2004) etilib, o‘quv jarayonida faol qo‘llanilmoqda.
Adabiyotshunos olim va isteʼdodli munaqqid sifatida respublika matbuotida o‘ttiz yildan beri faol qatnashadi “Isteʼdod va uslub”, “O‘z so‘zini izlab...”, “Nasr va uslub”, “Abdurauf Fitrat”, “Qatag‘on qilingan ilm” singari kitoblari chop etilgan.
O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi doktorlik dissertatsiyalarining himoyasi bo‘yicha ixtisoslashgan ilmiy kengash raisi, O‘zR FA Til va adabiyot instituti qoshidagi kengash aʼzosi sifatida ilmiy-pedagogik kadrlar yetishtirishda samarali mehnat qilmoqda.
Ilmiy-pedagogik faoliyati davomida 2 ta fan doktori, 18 ta nomzodlik va falsafa doktori dissertatsiyasiga rahbarlik qilgan, hozirda uning ilmiy rahbarligida 3 ta doktorant va mustaqil izlanuvchilar ilmiy tadqiqot olib bormoqda.
Bir qator xorijdagi yetakchi universitetlar va akademiyalar aʼzosi. Turkiya jumhuriyati 18-mart universiteti (Chanoqqalʼa) faxriy doktori (2007 yildan), Xalqaro Estetika va erkin sanʼat ijtimoiy akademiyasi (Rossiya FA, Moskva) aʼzosi (2011 yildan), Chingiz Aytmatov nomidagi Issiqko‘l forumi (Qirg‘iziston) aʼzosi (2013-yildan), Xalqaro Til taʼlimi va uni o‘qitish simpoziumi aʼzosi (Italiya, 2013-yildan), Ozarboyjon Milliy ilmlar akademiyasining “Yil olimi” mukofoti sohibi (2019).
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatida ishtirok etadi, 2011–2013-yillarda O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi Tanqid va adabiyotshunoslik Kengashi raisi sifatida faoliyat yuritgan.
Fidoyi va prinsipial olim, samimiy do‘st va kamtarin inson bo‘lgani uchun jamoatchilik o‘rtasida hurmat qozongan. O‘zining pedagogik mahorati va ilmiy-ijodkorlik qobiliyati bilan respublika ziyolilari orasida eʼtibor topgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
Ertaga, 31-avgust kuni 17:30da "Madaniyat va maʼrifat" telekanalining "Uyga qaytib" ko‘rsatuvida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Javlon Jovliyev mehmon bo‘ladi. Marhamat, tomosha qiling.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
“Vatan uchun yashaylik” tanlovidan foto suratlar.
Muallif – Ahmad To'ra.
TANLOV G‘OLIBLARI TAQDIRLANDI
Prezidentning 2024-yil 18-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ona diyorimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, O‘zbekistonimizning buyuk kelajagi yo‘lidagi ulug‘vor yangilanishlar, vatanparvarlik, zamondoshlarimizning yorqin siymolari aks ettirilgan sheʼriy, nasriy, bolalar adabiyoti, badiiy-publitsistik yo‘nalishdagi eng sara asarlar uchun “Vatan uchun yashaylik” tanlovi eʼlon qilindi. Shu yilning 15-avgust kuni tanlovga hujjatlar qabul qilish yakunlandi.
Bugun, 2024-yil 29-avgust kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida yurtimiz mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Vatan uchun yashaylik!” Respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlash hamda Prezident farmoniga ko‘ra davlat mukofotlari berilgan ijodkorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo olib bordi va g‘oliblarga mukofotni topshirdi.
– “Vatan uchun yashaylik” tanlovi Prezidentimiz imzolagan qaror asosida o‘tayotgani adabiyot va so‘z ahliga eʼtiborning natijdasi deb bilaman, – deydi tanlovning 2-o‘rin g‘olibi Shuhrat Matkarim. – Bu esa ijodkorlarga alohida masʼuliyat yuklaydi. Mana shunday ko‘rik tanlovlarning o‘tkazilishi bizni rag‘batlantiradi, yana-da ko‘proq ishlashimizga undaydi. Mukofotga loyiq ko‘rilgan asarim “Maqar” qissasida o‘zbek otasining obrazini yaratishga harakat qildim. Uni o‘zbek otasining umumiy obrazi deyish mumkin. Qahramonim Maqar oddiy, kamtar inson. Umri oxirida bu dunyoga kelib o‘zi nima qildim deb o‘ziga-o‘zi savol beradi. Nazarimda, har bir odam bu savolni o‘ziga berishi kerak.
Hayʼat aʼzolari tanlovga kelib tushgan jami 51 nafar muallifning 124 ta asarini ko‘rib chiqdi. O‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida nashr etilgan kitoblar, matbuotda eʼlon qilingan materillar janr tasnifi bo‘yicha quyidagilarni tashkil etdi: romanlar – 3 ta; qissalar – 10 ta; hikoyalar to‘plami – 4 ta; sheʼrlar va sheʼriy to‘plamlar – 25 ta; dostonlar – 3 ta; publitsistik to‘plamlar – 4 ta; adabiy-tanqidiy to‘plamlar – 6 ta, tarjima asarlar – 5 ta, OAVda eʼlon qilingan maqolalar va sheʼriy turkumlar – 64 ta.
“Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan, xalqimizning milliy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan ichki va tashqi siyosat borasidagi tub o‘zgarishlar, inson qadri oliy mezon bo‘lgan yangi hayot, yangi jamiyat qurish yo‘lida qo‘lga kiritilgan zafarlar, mard va matonatli xalqimizning fidokorona mehnati, aql-zakovati va bunyodkorlik salohiyati, buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy va maʼnaviy merosini o‘rganish va keng targ‘ib qilish, xalqimiz ozodligi uchun kurashib, shu yo‘lda jon fido etgan, mustabid tuzum davrida siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan ota-bobolarimizning ibratli hayoti, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyati targ‘iboti kabi ezgu g‘oyalar hayotiy misollar, teran fikr-mulohazalar bilan tarannum etilgan asarlar hayʼat aʼzolari tomonidan xolisona baholandi.
G‘oliblarga Yozuvchilar uyushmasining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
Axborot xizmati
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Sharifa Salimovaning “Qabohat saltanati yoxud qor qo‘ynida lolalar” kitobi taqdimotidan fotolar.
Muallif – Ahmad To'ra.
https://uza.uz/oz/posts/yaxshilikka-baxshida-umr-sohibasining-yodi_630160
Читать полностью…Olimpiada ilhomlari
TO‘PLAMIMIZ PREZIDENT TOMONIDAN SPORTCBILARGA SOVG‘A QILINDI
Bugun biz uchun tarixiy kun bo‘ldi. Sportchilarimizning qahramonliklari kuylangan to‘plamimizni davlatimiz rahbari ularga tuhfa etdi.
Yaqinda Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz atletlari beqiyos mahorat, matonat va iroda ko‘rsatib, milliy sportimiz rivojida yangi sahifa ochdi. 13 medalni qo‘lga kiritib O‘zbekistonni dunyo bo‘yicha 13-o‘ringa olib chiqdi. Sportchilarimizning olamshumul yutuqlari yurtimizning yuksak salohiyati, kuch-qudrati va ulkan imkoniyatlarini yana bir bor dunyoga namoyon etdi. Ushbu yuksak g‘alaba Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz uch yilligiga atletlarimiz tomonidan to‘yona bo‘lgan bo‘lsa, ijodkorlarimiz esa ularga ijodiy ishlarini to‘plab tortiq qildi.
28-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parijda bo‘lib o‘tgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuvda ushbu sovg‘ani qahramonlarimizga tortiq qildi va bu haqda shunday dedi:
"Olimpiadachilarimizning buyuk g‘alabasi butun xalqimiz qatori ijod ahlini – shoirlar va jurnalistlar, sanʼatkor va blogerlarni ham ruhlantirib yubordi. Sizlarning shaʼningizga atab o‘nlab sheʼrlar, maqolalar yozildi, hatto chet ellarda ham qo‘shiqlar kuylandi. Bu tarixiy voqeaga bag‘ishlab, Yozuvchilar uyushmasi tomonidan "Olimp uzra hilpirar O‘zbekiston bayrog‘i" deb nomlangan yangi kitob kuni kecha nashrdan chiqarildi.
Bugun sizlar kabi qahramonlarimiz jasorati tarannum etilgan ushbu kitobni har biringizga esdalik sovg‘asi sifatida taqdim etar ekanmiz, ijodkorlarimizga ham albatta rahmat aytamiz".
Prezidentning bu eʼtirofi har bir yozuvchi-shoirni xursand etdi.
Kitobdan davlat rahbarining tabrigi o‘rin oldi.
Sirojiddin Sayyid, Mahmud Toir, O‘tkir Rahmat, Xosiyat Bobomurodova, Zulfiya Mo‘minova, Quchqor Norqobil, Bobur Bobomurod, Shahodat Isaxonova, Guliston Davletova, Abdumajid Azim, Zikrilla Neʼmat, Ashurali Boymurod, Gulbahor Jumayeva, Abdunabi Hamro, Sayyora Samandar, Nosirjon Toshmatov, Sirojiddin Rauf, Nodir Jonuzoq, G‘ayrat Majid, Botir Ergashev, Shodmonqul Salom, Orif To‘xtash, Farog‘at Xudoyqulova, Asadulloh Solih, Baxtiyor Yo‘ldoshev, Faxriddin Hayit, Fozil Farhod, Zohidjon Olov, Shavkat Bobomurod, Nasrullo Ergash, Dilnoz Mushfiq, Yelena Navro‘zovaning sheʼrlari to‘plam sahifalarini bezadi.
Qudratilla Rafiqov, Asror Mo‘min, Norqobil Jalilov, Husan Karvonli, Ozod Rajabov, Sarvar To‘rayev, Dilshod Karimov, Maʼmura Zohidova, Shahnoza Soatova, Otabek Bakirovning Olimpiada haqidagi tahliliy maqolalari kitob sahifalarini boyitdi.
Sadir Japarov, Xo Si Son, Hamid Hamidov, Sulton Kanazarov, Utarbek Asranqulov, Sayfullo Kulayev, Bek Shimatning iliq so‘z va sheʼrlari to‘plamning "Do‘stona eʼtiroflar" bo‘limidan joy oldi.
To‘plamga jahon ommaviy axborot vositalarida sportchilarimizning yutuqlari to‘g‘risida eʼlon qilingan eng sara maqolalarni ham kiritdik.
Kitobni tayyorlashda bir qator ijodkorlar qatnashdi.
Loyiha rahbari: Sirojiddin Sayyid.
Ijodiy guruh: G‘afur Shermuhammad, G‘ayrat Majid, Botir Ergashev, Salim Ashur, Rustam Musurmon, Muhiddin Abdusamad, Muhammad Siddiq, Ahmad To‘ra.
To‘plovchi: Fozil Farhod.
Fotograflar: Anvar Ilyasov, Abdullo Fayzullayev, Alimurod Mamadaminov.
Musahih: Ulug‘bek Xalilov.
Dizayner: Muhammadxon Yusupov.
Kitob O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida chop etildi.
Alqissa, sheʼrlar, maqolalar, eʼtiroflar yig‘ildi, saralandi, o‘qildi, tahrir bo‘ldi, sahifalandi. Xullas, ikki hafta degandi bu ijodiy ish "Olimp uzra hilpirar O‘zbekiston bayrog‘i" nomi ostida bosmadan chiqdi. Bugun kitobimizni davlatimiz rahbari qo‘lida ko‘rib, sportchilarimizga tuhfa etilganini eshitib, juda xursand bo‘ldik, charchoqlarimiz chiqib ketdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
O‘zbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan “Umr yaxshilikka safar bo‘lsaydi” nomli xotira kechasidan foto suratlar.
Muallif – Ahmad To‘ra.
Jonkuyar, yurtparvar shoira yodi
Bugun Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan “Umr yaxshilikka safar bo‘lsaydi” nomli xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.
Uyushma foyesida Enaxon Siddiqovaning hayoti va ijodiy faoliyatiga oid suratlar hamda uning asarlari ko‘rgazmasi tashkil qilindi. Zalda taniqli yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari, harbiylar, shoiraning oila aʼzolari jam bo‘ldi.
Kechani Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo olib bordi. Unda O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov, senator Gulnora Maʼrupova, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Suvon Meli, professor Yo‘ldosh Solijonov va boshqalar so‘zga chiqdi.
– Enaxon Siddiqova ham ijodda, ham ijtimoiy hayotda faol edi, – dedi Mahmud Toir. – Uning yuksak tashabbuskor harakatlari, siyosiy jarayonlardagi tiniq so‘zi, ijodkor ayolning kuch-qudratidan, ziyosidan dalolatdir.
Shoira hayoti davomida Farg‘ona viloyati hokimliklarida masʼul vazifalarda ishlab, yurt rivoji yo‘lida faollik ko‘rsatdi. Adibaning “Qorako‘z turnalar”, “Ko‘nglim ufqlari”, “So‘z ustidagi dunyo”, “Eʼzozli ayollar”, “Ona haqida qo‘shiq”, “Barxanlarda ungan gul” singari o‘nlab asarlari kitobxonlar qalbidan munosib joy egalladi.
– Enaxon Siddiqovani “Ona” dostonini o‘qib chiqqanimda, shoirani kashf qilganman, – dedi Suvon Meli. – Uning ijodini eng cho‘qqisi ham ona haqidagi yozilgan asarlaridir. Sheʼriyatini o‘qirkansiz, u nafaqat shoira, balki faylasuf ekaniga ham guvoh bo‘lasiz.
Taniqli sanʼatkorlar ijrosida shoira sheʼrlariga bastalangan qo‘shiqlar tinglandi. Yozuvchilar uyushmasi tomonidan shoiraning eng sara asarlari jamlangan “Saylanma” hamda "Enaxon Siddiqova zamondoshlar xotirasida" nomli kitoblar nashrga tayyorlanayotgani taʼkidlandi. Tadbir yakunida adibaning qizi Nigora Mannopova so‘zga chiqib, onasining ijodiga, xotirasiga bo‘lgan eʼtibor va eʼtirofdan minnatdorligini bildirdi. Mehmonlarga uyushmaning esdalik sovg‘alari topshirildi.
Zulayho Ahmadjonova
#mustaqillik_tengdoshi
Mustaqillik — imkoniyat va mas’uliyat
🇺🇿Mustaqillik bizga adabiyotimizni, ulug‘ jadid bobolarimiz kitoblarini qaytarib berdi...
31 avgust — Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni
JADIDCHA KO‘RGILIK
Atirgullar ochib og‘zini katta,
nomozshomgullar kuch
olmoqda shomdan,
o, oltin tuprog‘im,
seni deb hatto
quyosh ham
o‘zini tashladi tomdan.
Dildagi arzimas
ishq olovini
eplolmay
oldirib qo‘ydim alanga;
kir qilib boshimga qo‘ngan qirovni,
tog‘larning ko‘zini o‘ydi garanglar.
Jilmaydim
men Xudo haqqi-hurmati,
bo‘g‘zimda
tosh qotgan o‘krigim bilan
va ko‘zga ko‘ringan jonim suratin
o‘chirib tashladim
kiprigim bilan
va birdan
keltirib suvni elakda,
shamol erkaladi
bog‘u-bo‘stonni,
bahor
cho‘miltirib qo‘ydi:
chelaklab
boshidan suv quyib O‘zbekistonni.
Shuhrat Azizov
28 yillik Paralimpiada rekordini yangilagan Asila Mirzayorova delegatsiyamizga ilk oltin medalni taqdim qildi
Oʻzbekiston delegatsiyasi Parij-2024 yozgi Paralimpiya oʻyinlarida dastlabki oltin medalini qoʻlga kiritdi. Mazkur chempionlik Asila Mirzayorovaga nasib etdi.
T11 klassida uzunlikka sakrash dasturida ishtirok etgan yurtdoshimiz 5.24 metr qayd etib, eng yuqori natijani koʻrsatdi. Yana bir ahamiyatli tomoni, ushbu koʻrsatkich yangi Paralimpiya oʻyinlari rekordi sifatida belgilandi. Barakalla, Asila!
Shu tariqa, delegatsiyamiz hisobidagi medallar hozircha 1 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronzaga yetdi.
Ziyodaxon Isoqova ikkinchi medalni keltirdi
Para taekvondochimiz Ziyodaxon Isoqova Parij-2024 yozgi Paralimpiya o’yinlarining shohsupasidan joy oldi. -47 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan hamyurtimiz finalda perulik Leonor Karransaga qarshi murosasiz kechgan bahsda 4:10 hisobida imkoniyatni boy berdi va kumush medalga sazovor bo’ldi.
IJOD AHLIGA BAYRAM TUHFASI
Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 33 yillik bayrami munosabati bilan Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyati boʻlimi 50 nafar uyushma aʼzosi hamda faol ijodkorlarga bayram sovgʻasini ulashdi.
Oziq-ovqat mahsulotlaridan jamlangan ushbu tuhfa yoshi ulugʻ ustozlarning xonadoniga borib topshirildi.
Maqsadimiz eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz bilan muborakbod etish asnosida tabarruk ustozlarimiz holidan xabar olib, koʻngillarini koʻtarish, duolariga muyassar boʻlishdir.
Yurtimiz tinch-farovon, Mustaqilligimiz barqaror ekan, eʼtibor va ehtirom ramzi boʻlmish ushbu yoʻqlovlarimiz bardavom boʻlgay!
Ayyom muborak, aziz ijodkorlar!
Badirxon AHMADLI,
filologiya fanlari doktori,
professor
OZARBAYJON QARDOSHLAR QUTLOVI
Professor Hamidulla Boltaboyevning 70 yoshi munosabati bilan
Agar o‘tmishdan ko‘r-ko‘rona voz kechib, ertangi kunga faqat bugunning nazari bilan qaralsa, uzoqqa borish dargumon. Umumturk kontekstida fikr yuritish va kelajakni shu yo‘nalishda qurish bizni dunyo xalqlari orasida yetakchi o‘ringa olib chiqishi mumkin. Bu ma’noda turk xalqlarining siyosiy, iqtisodiy, madaniy va adabiy integratsiyalashuvi muhimdir. O‘z-o‘zidan ikkinchi masala o‘rtaga chiqadi: bir asr avval o‘rtaga qilich qo‘yib, ajratilgan turkiy xalqlarning birligini tiklash uchun olimlarning aniq yo‘l xaritasi bormi?! Turkiy ziyolilar imkon qadar keng fikr yuritmog‘i, tor, mahalliy qobiqlardan chiqmog‘i, o‘tmishda g‘oya sifatida ilgari surilgan, bugungi kunda dolzarbligi bilan oldimizda turgan “Tilda, fikrda, ishda birlik” formulasini hayotga tatbiq etmoqlari kerak. Shundagina kerakli ijtimoiy-siyosiy natijaga erishish mumkin.
➡️ Davomi
“Vatan uchun yashaylik” tanlovidan foto suratlar.
Muallif – Ahmad To'ra.
Tanlov g‘oliblari ro‘yxati eʼlon qilinmoqda:
1-o‘rin – Sharifa Salimova, “Qabohat saltanati yoxud qor qo‘ynida lolalar” sheʼriy romani uchun;
2-o‘rin – Shuhrat Matkarim, “Maqar” qissasi uchun;
2-o‘rin – Gulandom Tog‘ayeva, “Ishq handasasi” sheʼriy to‘plami uchun;
3-o‘rin – Abbos Said, “Munavvar qorining so‘nggi nidosi” qissasi uchun;
3-o‘rin – Bahodir Karim, “Maxtumquli – insoniyat shoiri” risolasi uchun;
3-o‘rin – Narjan Atabayeva, “Barchin bo‘lish oson emas...” hikoyalar to‘plami uchun;
3-o‘rin – O‘ta Berdiyor, “Oriyat” hamda “Tasalli” sheʼriy to‘plamlari uchun;
Rag‘batlantiruvchi mukofotlar:
Abdunabi Hamro – “Vatan surati” sheʼriy to‘plami uchun;
Neʼmat Dushayev – “Shirin so‘zning kuchi” sheʼriy to‘plami uchun;
Muhammad Shodiy – Tojik tilidagi “Vatan qasidasi” sheʼrlar kitobi uchun;
Dilbar Haydarova – “Gul Vatanim bor” kitobi uchun;
Mansur Jumayev – “Hazrati ishq” sheʼriy to‘plami uchun.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
Axborot xizmati
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Sharifa Salimovaning “Qabohat saltanati yoxud qor qo‘ynida lolalar” kitobi taqdimotidan fotolar.
Muallif – Ahmad To'ra.
Jadid momolarga bag‘ishlangan asar taqdimoti
Bugun Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Sharifa Salimovaning “Qabohat saltanati yoxud qor qo‘ynida lolalar” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda yozuvchilar, shoirlar, adabiyot ixlosmandlari, yosh ijodkorlar ishtirok etdi. Tadbirni Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo olib bordi. Kechada uyushma raisi Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov, O‘zbekiton xalq shoiri Mahmud Toir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zulfiya Mo‘minova, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, filologiya fanlari doktori Suvon Meli so‘zga chiqdi.
Maʼlumki, shu yilninng 19-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning: “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi qarori eʼlon qilingan edi. Ushbu hujjatda 1937–1953-yillarda mustabid tuzum tomonidan 100 mingdan ziyod xalqimiz vakillari qatag‘on siyosatining qurboni bo‘lgani, bu yurtdoshlarimizning 13 ming nafari otib tashlangani, minglab kishilar nohaq quloq qilingani, surgunlarga jo‘natilgani, ular orasida atoqli davlat va siyosat arboblari, ilm-fan namoyandalari, ijodkor ziyolilar, diniy ulamolar, harbiy soha va sud-huquq tizimi xodimlari, ishchi-dehqonlar va ularning oila aʼzolari bo‘lgani yoziladi.
– Tarixiy hujjatda qatag‘on qurbonlari va jadidlar hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan to‘plam – kitoblar tayyorlash va ularning taqdimotlarini o‘tkazish vazifasi belgilangan edi. Ana shu qarorga javoban, shoira Sharifa Salimova “Qabohat saltanati yoxud qor qo‘ynida lolalar” nomli sheʼriy romanini nashr etdi, deya taʼkidladi Minhojiddin Mirzo.
Mazkur asar sheʼriy roman bo‘lib, unda muallif XX asrning 20-30-yillarida siyosiy zulmlar qurboni bo‘lgan bir qancha xotin-qizlarning qismatlari va insoniy siymolarini yoritishni o‘z oldiga adabiy-badiiy maqsad qilib qo‘ygan.
– Ushbu roman jadid momolar haqidagi birinchi asardir, – dedi Mahmud Toir. – Sharifa Salimovaning o‘zbek adabiyotida hali hech kim qo‘l urmagan qutlug‘ ishga bel bog‘lab, taqdim etgan ijod namunasi katta jasoratdir.
Asar uch qism, o‘n uch fasldan iborat. Fasllarning har birida siyosiy mustabid zulm qurbonlari – Xayrinisa Majidxonova, Maryam Sultonmurodova, Sobira Holdorova, Shodixon Tojiyeva singari sar osmonining chin yulduzlari bo‘lmish ayollarning taqdirlari – boshlariga tushgan mislsiz azob, ko‘rguliklari yoritilgan. XX asrning 70-yillaridan keyin xalqimiz o‘zining bu kabi farzandlarini tanidi. Sharifa Salimova to‘qqiz sheʼriy faslda to‘qqiz nohaq ayblangan ayol qismatini yoritib beradi. Har bir fasl alohida bir doston kabi o‘qiladi. Ushbu kitob Yozuvchilar uyushmasi homiyligida “Ijod nashr”da chop etildi. Unga G‘ayrat Majid muharrirlik qilgan.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulovaning qo'shiqlari esa ijod ahliga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Tadbir yakunida Sharifa Salimovaga so‘z berildi. Shoira barchaga o‘z minnatdorligini izhor qildi.
Zulayho Ahmadjonova
#Mustaqillikning_33_yilligi
Gap uqmas
Qobiljon Shermatov she'ri
Shoirning o‘zi o‘qigan
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan “Eng ulug‘, eng aziz” anʼanaviy ko‘rik-tanlovi respublika bosqichi g‘oliblari taqdirlash marosimidan fotolar.
Muallif – Ahmad To'ra.
O‘zbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan “Umr yaxshilikka safar bo‘lsaydi” nomli xotira kechasidan foto suratlar.
Muallif – Ahmad To‘ra.
TAKLIFNOMA
Ertaga, 29-avgust kuni soat 11:00da Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Sharifa Salimovaning "Qabohat saltanati yoxud qor qo‘ynida lolalar" kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Tadbirga barchani taklif etamiz.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati