Yangi kutubxona ochildi
Bugun Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani Xondayliq qishlog‘ida shoir Sidqiy Xondayliqiy nomidagi xalq kutubxonasi barpo etildi.
Ayni damda mazkur ziyo maskaning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, Yozuvchilar uyushmasi raisining biirnchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, viloyat ziyolilari, ijodkorlar, nuroniylar hamda mahalla ahli ishtirok etdi. Tadbirda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarda kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani va bu kabi ezgu ishlar davomiy ekani taʼkidlandi.
Endilikda hudud aholisi 3000 ta kitob fondiga ega bo‘lgan kutubxonada mutolaa zavqidan yana-da ko‘proq bahra olish imkoniga ega bo‘lishdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
YOMG‘IR SONATASI
Eng avval yaproqlarning shivirida mujdalar
Bulutlar maktubini o‘qidilar hijjalab.
Haligina bosilgan shamolning yo‘qmi esi?..
Yana sozlay boshladi tori uziq g‘ijjagin.
Quyuqlashib tobora kulrang bulut to‘dasi
Yomg‘ir isin anqitib, dimoqlarni ochalar.
Changbosdiday ermaklab bir-ikkita tomchini
Sog‘inchlarning qaqragan lablariga sochalar…
– Hey, bulutlar, tashnamiz, yomg‘ir kuyin boshlangiz!..
…Xayriyat, ko‘k toqidan yog‘ildi rahmat seli,
Yana yomg‘ir isidan sarxush yellar epkini
Osmonning hovuzida bo‘kib ichgan tentakday
Oshqinlaydi, eshkinlab, topolmaydi epini.
– Hey, shamollar, alp erlar otlarining yoliga
Sizni bog‘lab, tizginlab solib qo‘yar yo‘liga.
Haddingizdan oshmangiz, tomchilarni sochmangiz,
Suvsagan ona tuproq to‘ysin yomg‘ir seliga.
Hey, shamollar, shoshmangiz, haddingizdan oshmangiz!
Ochiq derazasidan qo‘lin yomg‘irga tutgan
Sunbul sochli suluvning ko‘zlarida hayrat, lol.
– Hoy qiz, derazangni yop, ko‘zlaringning chaqmog‘i
Qay alplarning qalblarin kuydirgusi – tayin hol.
Yuraklarga o‘t ketsa, o‘chirolmas yomg‘irlar
Shamollarni tizginlab, asov otday choptirgan
Yovqurlar ham holi tang poyingga yiqilgusi
Va bir tabassumingga yotadi yer bag‘irlab.
– Hoy, qiz, derazangni yop, ko‘zingga ko‘z tushmasin!
Darvoqe, ro‘parada – shoir o‘z kulbasida
Undov, so‘roq gaplardan ishqqa bitar qasida:
«Yig‘lagan osmon emas, bir men-ku yig‘layotgan,
Yomg‘ir bo‘lib, to‘kilgan yer-osmon orasida!.
…Esingdami, azizam, osmon tund, xira edi,
Ammo, sening ko‘zlaring yoritardi olamni.
O‘shanda yuragimga chaqin tekkan, o‘t tekkan,
Guldurayman, yog‘aman, eshitmaysan nolamni»...
– Hoy, oshiq, sarafroz et, tabiatning tuhfasin!
Hay, mayliga, shoirlar ne desalar, desinlar,
Ular mahzun qo‘shiqlar bitayotgan bu palla –
Havo biram musaffo, yaltiraydi yaproqlar,
Tarnovlar qo‘shig‘ida quvnoq taralla-yalla.
– Hoy, mashshoqlar, chalingiz, hayot kuyin baralla!
Mehribon Abdurahmonova
* * *
Ona, to‘plab chiqsa — bardoshlaringiz,
Shuncha yillar to‘kkan ko‘zyoshlaringiz,
Yeru osmon selu yomg‘ir, do‘l bo‘lardi.
Bir vohani ko‘mardi suv,
Bir vohani g‘arq etguvchi ko‘l bo‘lardi.
Ajinlaringizni o‘ylasam agar,
Bir-biriga ulab, boylasam agar —
Surxondan to Toshkentgacha,
Toshkentdan to Surxonga qadar
Sog‘inch to‘la, armon to‘la yo‘l bo‘lardi.
Sirojiddin Sayyid she'ri
Erkin Bozorov o‘qidi
2 noyabr – O‘zbekiston xalq shoiri Aleksandr Faynberg tug‘ilgan kun
Aleksandr Faynberg,
O‘zbekiston xalq shoiri
YULDUZLARNI ASRAYDI FALAK
So‘z
Poyezd kechikishi oddiy voqea,
Samolyotni kutib ichikadi ko‘z.
Haqiqiy baxtsizlik, katta fojia –
Mabodo kechiksa kutilyotgan so‘z.
So‘ngan gulxan uzra bo‘lgandek pushmon,
Kimsasiz kulbaga boqqandek mahzun
Kechikkan so‘z g‘arib, yig‘laydi yomon,
Uni kecha kutgan odamlar uchun.
Kechikkan so‘z bois o‘rmonlar yetim,
Bepoyon yerlarning peshonasi sho‘r.
Qabrlar qoshida so‘z ham beso‘z, jim,
Ruhlar bezovtayu qismat ko‘zi ko‘r.
* * *
Aslan ishonch bilan yaralgan jonman,
Xudoning xochini unutim zotan.
Kechir meni, Ishonch, kechir daʼfatan
Yarador qush kabi boqding osmondan.
Men sheʼr yozadigan g‘alcha noumid,
Bir umr chorasiz may ichdim nuqul.
Qabriston qoshida menga shafqat qil,
Men kabi gumrohni kechirgin, Umid.
Muqaddas Muhabbat, sen ham kechirgin,
Ikki insonga men qilmadim shavqat.
Ovutmoqlik uchun labingdan novvot,
So‘zlarni farishta misol uchirgin.
Varaq
Yulduzlarni asraydi falak,
Teran dengiz asrar durlarni.
Daftarimdan yirtilgan varaq,
Asragin men yozgan sheʼrlarni.
Sheʼr – nafaqat o‘qimoq, uqmoq,
Sheʼr – yurakda yangragan tovush:
Qutqargandek taygada so‘qmoq,
Tebrangandek ko‘llarda qamish.
Har satrim – jon, har sheʼrim – yurak,
O‘rmon, qushlar, bulutlarga xesh.
Daftarimdan yirtilgan varaq
Sheʼrlarimni asra peshma-pesh.
Avlodlarga kelmasin malol,
Sheʼrlarim g‘am chekmasin nochor,
Shamol, dengiz va yaproq misol
Nafas olsin, kulsin beg‘ubor.
* * *
Pastdan qirga, qirdan pastga
Yo‘l yursam, tolmas oyoq.
Bir –kartoshka, ikki – kartoshka,
Uchinchi marta –pirog.
Ovga chiqsang, o‘q ota,
Baxt bo‘lgay uch bor ato.
Bir o‘q – xato, ikki o‘q –xato,
Uchinchi o‘q – bexato.
Bir, ikki – puch bo‘lsa,
Uching bordir, kam dema.
Gar uching ham puch bo‘lsa,
Yana to‘rt bor g‘am yema.
Besh bor, o‘n bor, yuz... yiqilsang,
O‘rningdan tur, hayotsan –
Noldan boshlab sanay bilsang,
Sen mangu barhayotsan.
Rus tilidan Rastam Musurmon tarjimasi
Atoqli adib, dramaturg, davlat arbobi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘lmas Umarbekov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasidan suratlar. Muallif – Ulug‘bek Xalilov.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
Adiblar xiyobonida O‘zbekiston xalq shoiri Aleksandr Faynberg tavalludining 85 yilligiga munosabati bilan o‘tgan adabiy tadbirdan suratlar. Muallif – Fozil Farhod.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
Aleksandr Faynberg tavalludining 85 yilligi
Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida O‘zbekiston xalq shoiri Aleksandr Faynberg tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan adabiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Uni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoir va tarjimon Nikolay Ilin olib bordi. Xotira tadbirida uyushmaning Rus adabiyoti kengashi raisi Artyom Goroxov, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti Andrey Pavlyuk, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Rufat Gumerov va boshqalar Aleksandr Faynberg ijodi, uning serqirra faoliyati xususida batafsil gapirdi.
Aleksandr Faynberg 1939-yilda Toshkentda tug‘ilgan. Uning nomi va ijodi o‘zbek kitobxonlari, she’riyat ixlosmandlari uchun qadrli.
Shoirning “Lahza” (1969), “Olis ko‘priklar” (1978), “Erkin ohanglar” (2003) kabi ko‘plab she’riy to‘plamlari kitobxonlarga yaxshi tanish. Aleksandr Faynbergning o‘ndan ortiq she’riy to‘plamlari Toshkent, Moskva va Sankt-Peterburgda nashr etilgan.
Aleksandr Faynberg qalamiga mansub yettita badiiy film ssenariysi o‘ziga xosligi va hayotiyligi bilan ajralib turadi. Ijodkor yigirmadan ziyod multfilmlar, nasriy asarlar muallifi edi. Bu asarlarga o‘zbek o‘quvchilarining qiziqishi tobora ortib boryapti.
Aleksandr Faynberg katta tarjimon sifatida ham so‘z san’ati muxlislariga yaxshi tanish. U rusiyzabon kitobxonlarga ko‘plab o‘zbek shoirlarining ijodini ochib berdi.
Moskvada O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning “Ruhlar isyoni” dostoni, Toshkentda “Oqqushlar galasi” nomli o‘zbek shoirlari ijodidan qilgan tarjimalari jamlanmasi nashr etildi.
Taniqli shoirning o‘zbek tiliga o‘girilgan she’rlari “Chig‘ir” kitobida o‘quvchilar qo‘liga borib yetdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi bo‘lgan Aleksandr Faynberg 1999-yilda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, 2004-yilda Oʻzbekiston xalq shoiri hamda 2008-yilda Pushkin medali hamda unvonlari bilan taqdirlangan.
Aleksandr Arkadevichning faoliyati, chin insoniy fazilatlari mamlakatimizda o‘zga tillarda ijod qilayotgan ko‘plab adabiyot ahli, qalamkashlar uchun ibratdir.
Adabiy anjumanda Aleksandr Faynberg ijodi, faoliyati, insoniy fazilatlari haqida batafsil so‘z yuritildi.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari shoir she’rlarini ifodali o‘qidi.
Tadbir yakunida Aleksandr Faynbergning rafiqasi Inna Koval so‘zga chiqib, barcha yig‘ilganlarga minnatdorlik bildirdi.
Fozil Farhod
Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy shahridagi 22-son umumtaʼlim maktabida bo‘ldi.
Prezident.uz
#mahalla_yangiliklari
Qodiriy asarlarining yangi tarjimasi.
🗓 30.10.2024
✅ @mahalla_yangiliklari_tv
Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiyga kelgach, sanoat tarmoqlari uchun muhim xomashyo - vodorod peroksidi ishlab chiqaruvchi korxona bilan tanishdi.
Prezident.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrifini Navoiy shahridagi “Uzbekistan hydrogen peroxide” qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishuvdan boshladi.
Prezident.uz
Maʼrifat ulashib
"Ma‘rifat ulashib" loyihasi doirasida Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro institutida taniqlik adiblar Qutlibeka Rahimboyeva, Gulnoza Sattorova , O‘ktam Mirzayоrov mehmon bo‘ldi.
El suygan ijodkorlar oliygoh talabalari tomonidan doira sadolari ostida iliq kutib olindi. Vodiy gavhari sanalgan Farg‘ona dong‘ini el uzra tanitgan o‘ziga xos adabiy muhit, musiqa sadolari bilan yuraklarga kirib bordi.
Adabiyot vakillari e‘tiboriga bilim dargohida Besh muhim tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar aks etgan ko‘rgazmalar namoyish etildi.
Sport, san‘at, adabiyot, axborot texnologiyalari sohalarida bugun katta yutuqlarga erishib kelayotgan yoshlarga chinakam motivatsiya hissi ustoz ijodkorlar bilan yuzma-yuz uchrashish, muloqot qilish zavqi bilan uyg‘unlashdi.
Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti
❗️
Antuan de Sent-Ekzyuperining «Kichkina shahzoda» asaridan iqtiboslar
Kattalar raqamlarni yaxshi ko‘radi. Yangi do‘stingiz borligini aytsangiz, ular hech qachon eng muhim narsani so‘ramaydi. Hech qachon “Ovozi qanday? Qanday o‘yinlarni o‘ynashni yaxshi ko‘radi? Kapalak tutadimi?” deb so‘rashmaydi. Ular “U necha yoshda? Nechta aka-ukasi bor? Vazni qancha? Otasi qancha pul topadi?” deb so‘raydi. Shundan keyin ular bu odamni bilamiz deb o‘ylaydi.
KUZ SIMFONIYASI
Bargi hijron, bargi davron,
Bargi armon, bargi darmon,
Boshim uzra yomg‘ir kabi
Yog‘il, yog‘il, bargi giryon.
Bargi qiynoq, bargi firoq,
Bargi qaynoq, bargi titroq,
Dardim so‘ra,holim so‘ra,
Ko‘nglim ko‘tar, bargi osmon.
Bargi nolon, bargi so‘zon,
Bargi hayron, bargi to‘zon,
Sening birla oshiq dilda
Qiyomatdur, bargi to‘fon.
Bargi ado, bargi nido,
Bargi gado, bargi vido,
Sendan najot kutar bu ishq,
Muruvvat qil, bargi rahmon.
Bargi olam, bargi fig‘on,
Bargi nolam, bargi afg‘on,
Iztirobda yonar dunyo,
Xazon fasli - bargi isyon.
Bargi funun, bargi mahzun,
Bargi junun, bargi afsun,
Yoyil, yoyil zamin uzra,
Olam aro bargi doston.
Bargi go‘zal, bargi g‘azal,
Bargi afzal, bargi azal,
Nolang ila bir quvvat ber,
Yuraklarga bargi darmon.
Atrof xazon... xazon... xazon...
Uchar sarson... sarson... sarson...
Hukming kutar oshiqlaring,
Qatl aylama, bargi sulton.
Bargi sulton... Bargi hoqon...
Sayyora Samandar
👉
KO‘NGILCHANLIK
Mirtemir domla o‘ta ko‘ngilchan inson edilar. Bir kuni nashriyotning uzun yo‘lagidan bir odam domlaga qarab: “E, bormisiz, sizni ham ko‘radigan kun bor ekan-ku”, deya quchoq ochib kela boshladi. Domla u bilan xush kayfiyatda qadrdonlarcha quchoqlashib ko‘rishdilar. Obdon chaqchaqlashib bo‘lishgach, yana quchoqlashib xayrlashdilar.
Eshikkacha kuzatib qaytgach, bizdan so‘radilar:
– U odam kim?
Batafsil: jadid-media.uz/kongilchanlik
😄Jadidmedia’ga obuna bo‘ling
OAVda biz
Andijon davlat tibbiyot institutida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida talabalarni kitob mutolaasiga jalb qilish, badiiy savodxonlik darajasini oshirish orqali ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari: Sayfiddin Rafiddinov, Abdujabbor Obidov, Abdulla Ayizov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbir tafsilotlari "O‘zbekiston 24" telekanalining informatsion dasturida yoritildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
Atoqli adib, dramaturg, davlat arbobi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘lmas Umarbekov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasidan suratlar. Muallif – Ulug‘bek Xalilov.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
O‘LMAS UMARBEKOV TAVALLUDINING 90 YILLIGI
«Qiyomat qarz», «Kuzning birinchi kuni», «Sevgim – sevgilim», «Oq qaldirg‘och», «Odam bo‘lish qiyin», «Fotima va Zuhra»... bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin. O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘lmas Umarbekovning asarlari o‘zbek kitobxonining qalb qo‘ridan joy olgan chinakam o‘lmas asarlardir.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida atoqli adib, dramaturg, davlat arbobi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘lmas Umarbekov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi. Kechada adibning oila-aʼzolari, yozuvchi-shoirlar, ziyolilar, jamoatchilik vakillari, adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi.
Xotira tadbirini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid olib bordi. Kechada O‘zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mamatqul Hazratqulov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Zuhriddin Isomiddinov, “Jadid” gazetasi bo‘lim muharriri Gulchehra Umarova va boshqalar so‘zga chiqdi.
Tadbirda so‘z olganlar yozuvchi asarlarining maʼno-mazmunini, ulug‘ adib bilan bog‘liq yorqin va o‘chmas xotiralarni, uning insoniy fazilatlarini yodga oldi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan adibning oila aʼzolariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ulug‘bek Xalilov
Adiblar xiyobonida O‘zbekiston xalq shoiri Aleksandr Faynberg tavalludining 85 yilligiga munosabati bilan o‘tgan adabiy tadbirdan suratlar. Muallif – Fozil Farhod.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
TAKLIFNOMA
Bugun, 1-noyabr kuni soat 15:00da Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘lmas Umarbekov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir bo’lib o’tadi. Kechaga barchani chorlaymiz.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
Prezident "Yangi Navoiy" shaharchasining qurilish maydonida bo‘lib, nuroniy va ziyolilar bilan muloqot qildi
Prezident.uz
Maʼrifat ulashib
"Ma‘rifat ulashib" loyihasi doirasida Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutida taniqli adiblar Bahodir Karimov, Shuhrat Jabbоrov, Dilmurod Do‘stbekov yoshlar bilan uchrashdi.
Mehmonlar oliygoh vakillari tomonidan tantanali kutib olindi. Dastlab, ijodkorlar institutda yaratilgan keng imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar. Yuzma-yuz diydor suhbat zavqi bilan davom etdi.
Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti Matbuot xizmati
❗️
Abdulhamid Cho‘lponning "Kecha va kunduz" romanidan iqtiboslar
Ibtidoiy tarbiyani rus maktablaridan boshlab bo‘lmaydi, uni milliy maktablarda berish kerak. Ilgari milliy hissini o‘stirib, o‘z millatini tanigandan keyin rus maktabiga berish kerakki, hunarga, ixtisosga tegishli ilmlarni o‘qisin.
Prezident Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Navoiy viloyatiga jo‘nab ketdi.
Prezident.uz
TAKLIFNOMA
Ertaga, 2024-yil 1-noyabr kuni soat 10:00da O‘zbekiston xalq shoiri Aleksandr Faynberg tavalludining 85 yilligi munosabati bilan shoirning Adiblar xiyobonidagi haykali poyida xotira kechasi o‘tkaziladi. Tadbirda adiblar, tarjimonlar, talabalar qatnashadi.
Xotira kechasiga barcha qiziqqanlarni taklif etamiz.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
Atoqli shoir Chustiy tavalludining 120 yilligiga bag‘ishlangan tadbir “O‘zbekiston” radiokanalida efirga uzatildi.
Muharrirlar: Bahriddin Maxmadaliyev, Zulayho Ahmadjonova
OZARBAYJONNI “ONA VIDOSI” TUTDI
O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi Xoliyor Safarovning “Ona vidosi” hikoyasi Ozarbayjonning “Xazon” adabiy-badiiy jurnalining yangi (sentabr-oktabr) sonida chop etildi. Bu o‘zbek-ozar adabiy aloqalarining kundan-kunga yaxshilanib borayotganligidan dalolatdir.
Eslatib o‘tamiz, 2-jahon urushi voqealari aks ettirilgan ushbu hikoya yaqinda Ozarbayjonning “Herbi and” gazetasining 27-sentyabr sonida hamda 4 ta rasmiy saytida ham e’lon qilingan edi.