Paralimpiya ilhomlari
PARALIMPIYA G‘OLIBLARIGA
Hayotingiz kimga hayrat, kimga ibrat,
Ko‘nglingizga chiroy tutgan gulgun chaman.
Kunlaringiz irodaga uyg‘un mehnat,
Ko‘ksi to‘lib bolam degan sizni Vatan.
Tomoshabin – dunyo ko‘rib turdi barin,
Kelganida sizga sharaf sinovlari.
Siz balandlab tutgan lahza yurtning shaʼnin,
Shoxsupalar o‘zi keldi, ha, siz sari.
Asilaning aslligi ayon bo‘ldi,
Ayon bo‘ldi ulug‘vor burch ulkanligi.
Ziyoda ham shunday tuyg‘u, hisga to‘ldi,
Dalolatdur shoxsupada turganligi.
Qudratullo ham Mohigul, Muslima deb,
Yangraganda sharhlovchining xos ovozi.
O‘zbekiston bayrog‘ini aylabon zeb,
Parij ming bir eʼtirofga bo‘ldi rozi.
Elbek o‘g‘lon, Kubaroqiz, Tolibboyning
Dilin bosgan hayajonlar go‘zal bo‘ldi.
Chor tarafdan olqish yog‘a boshlar ming-ming,
Parаlimpda O‘zbekiston o‘zar bo‘ldi.
Yarashgaydur o‘zbekka xos kamol sizga,
Sizsiz elning irodasi metinlari,
Siz deganda kelar oliy faxr bizga,
Ortaversin Olimpiya oltinlari.
Zamira Ro‘ziyeva
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Javlon Jovliyev 2024-yil 31-avgust kuni "Madaniyat va ma'rifat" telekanalida efirga uzatilgan "Uyga qaytib" ko‘rsatuvi mehmoni bo‘ldi. Marhamat, tomosha qiling!
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
E'LON
6-sentabr, juma kuni soat: 10:20da "Mening Yurtim 5" telekanalida O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov xotirasiga bag’ishlangan "Alvido" ko‘rsatuvi efirga uzatiladi. Marhamat, tomosha qiling!
Muallif — Sevdo Niyozova.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
Paralimpiya ilhomlari
O‘ZBEKISTON SEN BILAN
Paralimpiya chempioni Asila Mirzayorovaga
Ey yuzlari oydin qiz,
Ey so‘zlari boldin qiz,
Kumushni ham oltinga
Aylantirgan oltin qiz,
Sen hammadan birinchi,
Sen hammadan oldin qiz,
Elning ezgu duosi –
Qutlug‘ zamon sen bilan,
O‘zbekiston sen bilan,
O‘zbekiston sen bilan!
Aziz Vatan, xalqimning
Ko‘z ustida turgan sen,
Jahon ahli nigohin
O‘zi tomon burgan sen,
Yurtboshining mehrini
Qalbi bilan ko‘rgan sen,
Ko‘ngillarni to‘ldirar
Mehri ummon sen bilan,
O‘zbekiston sen bilan,
O‘zbekiston sen bilan!
Sakragandek Amudan
Jaloliddin samani,
Bir sakrab lol aylading
Butun olam – hammani,
Yana bir bor yuksaldi
El g‘ururi, yurt sha’ni,
Qadingni ur, qaddingni
Davru davron sen bilan,
O‘zbekiston sen bilan,
O‘zbekiston sen bilan!
Manim osmon ko‘nglimni
Yana aylagan osmon,
Ko‘zimda quvonch yoshi,
Har tomchisi bir doston,
Sen asl qahramonsan,
Ikki karra qahramon,
Metin kabi iroda,
Sabru iymon sen bilan,
O‘zbekiston sen bilan,
O‘zbekiston sen bilan!
Bir yarashgan, ko‘ksingda
Oltin nishon turibdi,
Yulduzlarni opichlab
Ko‘kda tug‘ – shon turibdi,
Shohsupada Asila –
O‘zbekiston turibdi,
Xudo bergan saodat –
Shavkatu shon sen bilan,
O‘zbekiston sen bilan,
O‘zbekiston sen bilan!
G‘ayrat Majid
ЎЗБЕКИСТОН СЕН БИЛАН
Паралимпия чемпиони Асила Мирзаёровага
Эй юзлари ойдин қиз,
Эй сўзлари болдин қиз,
Кумушни ҳам олтинга
Айлантирган олтин қиз,
Сен ҳаммадан биринчи,
Сен ҳаммадан олдин қиз,
Элнинг эзгу дуоси –
Қутлуғ замон сен билан,
Ўзбекистон сен билан,
Ўзбекистон сен билан!
Азиз Ватан, халқимнинг
Кўз устида турган сен,
Жаҳон аҳли нигоҳин
Ўзи томон бурган сен,
Юртбошининг меҳрини
Қалби билан кўрган сен,
Кўнгилларни тўлдирар
Меҳри уммон сен билан,
Ўзбекистон сен билан,
Ўзбекистон сен билан!
Сакрагандек Амудан
Жалолиддин самани,
Бир сакраб лол айладинг
Бутун олам – ҳаммани,
Яна бир бор юксалди
Эл ғурури, юрт шаъни,
Қадингни ур, қаддингни
Давру даврон сен билан,
Ўзбекистон сен билан,
Ўзбекистон сен билан!
Маним осмон кўнглимни
Яна айлаган осмон,
Кўзимда қувонч ёши,
Ҳар томчиси бир достон,
Сен асл қаҳрамонсан,
Икки карра қаҳрамон,
Метин каби ирода,
Сабру иймон сен билан,
Ўзбекистон сен билан,
Ўзбекистон сен билан!
Бир ярашган, кўксингда
Олтин нишон турибди,
Юлдузларни опичлаб
Кўкда туғ – шон турибди,
Шоҳсупада Асила –
Ўзбекистон турибди,
Худо берган саодат –
Шавкату шон сен билан,
Ўзбекистон сен билан,
Ўзбекистон сен билан!
Ғайрат Мажид
Server Ibragimov delegatsiyamizga navbatdagi kumush medalni taqdim qildi
Parij-2024 yozgi Paralimpiya oʻyinlarida delegatsiyamiz gʻaznasi yana bir medal bilan boyidi. Mahoratli para oʻq otuvchimiz Server Ibragimov kumush medalni qoʻlga kiritdi. Yurtdoshimiz P4 klassida 50 metrdan toʻpponchadan otish dasturida 215.3 ball jamgʻarib, shohsupaning ikkinchi pogʻonasidan joy oldi. Bu uning faoliyatida Paralimpiya oʻyinlaridagi ikkinchi medal boʻldi.
Birinchi qo‘ng‘iroq
Sevaman tovushlar raqsini,
Dilimga baxsh etar u titroq.
To‘ldirib maktabning sahnini
Jaranglar birinchi qo‘ng‘iroq.
Hamohang u soyga, daryoga,
To‘lqinday o‘ynoqi, shoshqaloq,
Esh bo‘lib navqiron dunyoga
Jaranglar birinchi qo‘ng‘iroq.
U mening quyoshim, yulduzim,
Ilmning manzili – yo‘li oq.
Eshitgil, Sayyora, jon qizim,
Jaranglar birinchi qo‘ng‘iroq.
Chorlaydi qirmizi ufqqa,
Toshadi olisda tinch buloq.
O‘xshab bir sirli kuy-qo‘shiqqa,
Jaranglar birinchi qo‘ng‘iroq.
Qo‘ng‘iroq yurakda bor asli,
Yov aro qolganda mard Shiroq.
Qalbidan otildi ont sasi,
Yangradi dilda xud qo‘ng‘iroq.
Qo‘ng‘iroq – ajdodlar nafasi,
Karvonlar ruhidek u uyg‘oq.
Rustami dostonlar naʼrasi
Zafarga edi bir qo‘ng‘iroq.
Birinchi qo‘ng‘iroq... Ilk jarang,
Ilk daʼvat, munavvar va yangroq.
Sentabr tongiga hamohang
Jaranglar birinchi qo‘ng‘iroq!
Erkin Samandar
1974-yil
Paralimpiya ilhomlari
Asila
Paralimpiya rekordchisi, Parij – 2024 g‘olibi Asila Mirzayorovaga
Isming go‘zal, bardoshing ham asildir,
Yurting – jannat, to‘rt tomoni yashildir.
Xalqing mudom hamjihat va ahildir,
O‘zbegimning asil qizi – Asila!
Kam emasdir hech kimdan hur ovozing,
Tongday yorug‘ tabassuming, pardozing.
Ko‘z o‘ngimda besh metrlik “parvozing”,
O‘zbegimning asil qizi – Asila!
Zo‘r maydonda haqiqiy zo‘r “jang” bo‘ldi,
Kim umidvor, kimning holi tang bo‘ldi.
Jurʼatingga dunyo hang-u mang bo‘ldi,
O‘zbegimning asil qizi – Asila!
Kim pand yedi xatolarning dastidan,
Ko‘mak kutdi kimlar hatto do‘stidan!
Sakrab o‘tding naq Eyfelning ustidan,
O‘zbegimning asil qizi – Asila!
Tomiringda go‘yo chaqmoq shitobi,
Barchinoyning "qurri-yo hayt" xitobi;
Meros erur pahlavonlik kitobi,
O‘zbegimning asil qizi – Asila!
Madhing kuylab, men ham burchim o‘tayman,
Yurt bayrog‘in yuragimga qadayman.
Seni "Hisor ohusi" deb atayman,
O‘zbegimning asil qizi – Asila!
Shuhrat Hakim,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi
Kecha Parijdagi Paralimpiya o‘yinlarining navbatdagi kunida hamyurtimiz Bobur Omonov yadro uloqtirish bahslarida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Bugun sportchimiz bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev telefon orqali muloqot qildi.
Anqara shahrida Alisher Navoiy haykali ochildi
Anqara shahri Kechio‘ren tumanida buyuk ajdodimiz, so‘z mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy haykalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Batafsil 👉 https://yuz.uz/a/uz/106740
Paralimpiya ilhomlar
***
Paralimpiya rekordchisi Asilaga Mirzayorovaga
Ko‘z tegmasin senga, Asila,
Munchoqlarni g‘olib qilding sen.
Yo‘llaringga qarab turgan ul
Mushtoqlarni g‘olib qilding sen.
Ayvoningda qaldirg‘ochlar bor
Peshtoqlarni g‘olib qilding sen.
Yashnab ketdi bog‘larim, hatto
Yantoqlarni g‘olib qilding sen.
No‘noq, mudroq kimsalar – mag‘lub,
Chaqmoqlarni g‘olib qilding sen.
Tovonlaring haroratidan
Tuproqlarni g‘olib qilding sen.
Sakrashingni tomosha qildik,
Biz sog‘larni g‘olib qilding sen.
O‘zbeklarim qo‘lda ko‘targan
Bayroqlarni g‘olib qilding sen.
Tog‘day xalqing turar ortingda,
Shu tog‘larni g‘olib qilding sen.
Shodi Otamurod,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi
Intervyu 24 | To'lqin Eshbek — Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti dotsenti
#2sep #uzbekiston24
Qutlov
LIRA PIRJANOVA
Bugun — taniqli tarjimon, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Lira Pirjanova tug‘ilgan kun.
Lira Pirjanova 1969-yilda Nukus shahrida, ziyolilar oilasida tug‘ilgan. 1986-yil o‘rta umumtaʼlim maktabini, 1996-yil Toshkent davlat sharqshunoslik instituti filologiya fakultetining fors tili va adabiyoti yo‘nalishi bitirgan.
Turli yillar davomida “Kamolot” respublika yoshlar jamg‘armasi, Toshkent tibbiyot akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi chet eldagi O‘zbekistonga oid boyliklarni tadqiq etish markazi, “Xalq so‘zi” va “Народное слово” gazetalari hamda “Zamon-press” nashriyotida faoliyat yuritgan.
Hozirgi vaqtda u O‘zbekiston Milliy axborot agentligining strategiyani belgilash va monitoring bo‘limi yetakchi mutaxassisi lavozimida ishlab kelmoqda.
Ijodkor hozirga qadar Shoyim Bo‘tayev, Habib Abdunazar, Akbar Mirzo, Qo‘chqor Norqobil, Javlon Jovliyev, Mansur Jumayev, Komil Sindarov kabi o‘zbek adiblari asarlarini rus tiliga tarjima qilib, Rossiya, Ukraina, Belarus kabi mamlakatlarning adabiy jurnallarida chop etishda faol qatnashdi.
Lira Pirjanova bibliograf sifatida o‘zining ota va onasi, qoraqalpoq shoir va yozuvchilari — Uzaqbay Pirjanovning “Xazonrezgi” hamda Shiyrin Xalmuratovalarning “Bulbil sesti tanda oyatar meni” majmualarini o‘zbek va qoraqalpoq tillarida nashrga tayyorlab, adabiyot ixlosmandlariga armug‘on etdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi ijodkorni ushbu sana bilan muborakbod etadi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
#Mustaqilligimizning_33_yilligi
Mehnatkash, fidoyi yurtdoshilarimizni men o‘zimning eng yaqin qadrdonlarim, sadoqatli safdoshlarim deb bilaman. Bugun Vatanimizga jonkuyar, o‘zini el-yurt taqdiriga daxldor deb biladigan insonlar yana-da ko‘proq kerak. Boshqalarni, ayniqsa, yoshlarimizni ortidan ergashtira oladigan, ertangi kunga ishontiradigan, jamiyatni birlashtiradigan odamlar kerak. Chunki el ishonchi, xalq birligi va ahilligi ko‘zlagan marralarimizga erishishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
SHAVKAT MIRZIYOYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sirojiddin Sayyid Qozog‘iston Respublikasining “Hurmat” ordeni bilan taqdirlandi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid Qozog‘iston Respublikasining "Hurmat" ordeniga sazovor bo‘ldi.
Davomi...
Paralimpiya ilhomlari
IRODA G‘ALABASI
Parijdagi Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘targan Asila Mirzayorova, Qudratulla Maʼrufxo‘jayev, Elbek Sultonov, Ziyodaxon Isoqova, Kubaro Hakimova Muslima Odilova, Tolibboy Yo‘ldoshev, Mohigul Hamdamova va boshqa g‘oliblarga
...Nelarni ko‘rmagay insonning boshi,
Necha bor qovrilib, tirilgan jahon.
Bariga yetarkan, sabru bardoshi,
Demak, irodadan yaralgan inson.
Abdulla Oripov
Yovqurlikning timsolidir azaldan o‘zbek,
Tiz cho‘kdirgan kerak bo‘lsa qonxo‘r Doroni.
Yurtim ila xalqim xuddi uzukka ko‘zdek
Kuldan qayta bunyod qilgan Kesh, Buxoroni.
Ko‘hna tarix kitobiga xat bita bilgan
Oltin qo‘lli bunyodkorlik shevasidir bu.
Cho‘llarni bog‘, xirmonlarni tog‘ eta olgan,
Xalqim metin irodasin mevasidir bu.
...Ammo boshqa bir iroda mavjud hayotda,
Unchalar ham ko‘z-ko‘zlanmas, pisanddan holi,
O‘zlaridek turmushlari odmi va sodda,
“Ertagacha yeta olsam...” – bo‘lar xayoli.
Majruhlikning asirlari tug‘ma, orttirma:
O‘zgalarga yuk bo‘ldim deb mahzun va mustar...
Naql bukim: “Nomard qurgan ko‘prikdan o‘tma!”
Zamondoshlar bag‘rikengdir bo‘lmas ko‘ru kar.
Yelkasini tutar Vatan ularga doim,
Ojizni ham olar elim qanot ostiga.
Yetti uxlab tushlariga kirmagan iqbol,
Orzu-umid xayolidan ko‘char rostiga.
Ibrat bo‘lgay Amir Temur shoni, shuhrati,
Oqsoq holda janggohlarni titratgan sarboz.
Murabbiylar daldasidan kuch, mahorati,
Hayotidan xayollari ko‘p balandparvoz.
Baʼzi sog‘lar ularchalik bo‘lolmas mashhur,
Olganicha ish hadisin, to‘zim tog‘lardan,
Ko‘zsiz, qo‘lsiz, oyoqsiz ham qilib tafakkur,
Baʼzan ro‘zg‘or yuritarlar o‘zib sog‘lardan.
Bugun olam ko‘zi boqar Parij tomonga,
Yana O‘zbek moʻjizasi etmoqda davom.
Yillar o‘tgan sari ajib bir yasharishda
Istiqlolim xo‘p yarashgan qadimiy maʼvom.
Oltin nishon qutlug‘ bo‘lsin Asila qizga,
Elbek ila Qudratulla – yovqur o‘g‘lonlar.
Bir paytlari o‘zlariga izlashgan ibrat,
Qarang, ushbu kunda o‘zi ibrat bo‘lg‘onlar.
Har kunimiz xabar bersin zafardan karnay,
G‘oliblarga yangrayversin olqish, madhiya.
Qadamiga gul yog‘ilib tursa paydar-pay,
Olmas ota-onajonlar ko‘zyoshin tiya.
Hammamiz ham farzandirmiz el ila yurtga,
Jannatlardan ulgu olgan go‘zal bo‘stonim,
Makon bo‘lib qolarkansan baraka, qutga,
Irodangga balli deyman, O‘zbekistonim!
To‘lqin Eshbek
Sirojiddin Sayyid “Hurmat” ordeni bilan taqdirlandi
Bugun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Beybut Atamqulov mehmon bo‘ldi.
Unda elchixona va uyushma vakillari ishtirok etdi. Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida barcha jabhalar qatorida adabiy aloqalar ham tobora rivojlanib, mustahkamlanib borayotgani taʼkidlandi.
Tadbir davomida elchi Janoblari uyushma raisi Sirojiddin Sayyidga Qozogʼiston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev qarori bilan tasdiqlangan “Hurmat” ordenini topshirdi. Shundan so‘ng, har ikki tomon kelgusidagi adabiy-madaniy hamkorlik ishlariga tayyorligini maʼlum qildi va bir-birlariga esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Zulayho Ahmadjonova.
Fotolar muallifi: Ahmad To'ra.
Nurxon Qurbonova — uch karra Paralimpiya oʻyinlari sovrindori
Mahoratli para yengil atletikachimiz Nurxon Qurbonova Paralimpiya oʻyinlaridagi uchinchi medaliga sazovor boʻldi. F54 klassida ishtirok etadigan hamyurtimiz hozir yakunlangan yadro uloqtirish dasturida 7.75 metr natija qayd etib, bronza medalini qoʻlga kiritdi. Barakalla, Nurxon!
Fransiyadan munosabat: O'zbekistonda ro'y berayotgan o'zgarishlarning tezligi va shiddati nihoyatda e'tiborga molik va hurmatga sazovor
Sabrina Susan, kompaniya raisi va bosh direktori
Batafsil
Батафсил
Telegram Русский | English | Facebook | Twitter | YouTube
4-sentyabr - Bilimlar kuni
MAKTAB
O‘qingiz, ey o‘g‘il-qizlar, go‘zal davron erur maktab.
Saodat manzilin topmoqqa bir imkon erur maktab.
Shijoat aylangiz toki iki olamni bilmakka,
Kamolu ravnaq eltuvchi ajab urfon erur maktab.
Kishi xor o‘lmagay tutsa agar ilmu adab ilkin,
G‘ariblik, notavonlik o‘qiga qalqon erur maktab.
Tilarsan ne ravo dilga, muroding komi ro‘yosin,
Umiding gulshanin ham qilguchi xandon erur maktab
Jaholat tiyg‘idin olamga yetsa zulmu istibdod,
Zalolat zaxmidin asrarga ham luqmon erur maktab
Qaro ko‘zlarni g‘aflat pardasidan asragingizkim, to
Vatandek bir vujudda chashm ila mujgon erur maktab.
Mashaqqat chekmaguncha, Shoira, kim yetdi manzilga,
Riyozatda madadkoring bo‘lar sarbon erur maktab.
Shoira Shams,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi
4-sentyabr - Bilimlar kuni
Birinchi qo‘ng‘iroq
Bugun eng chiroyli kun. Boisi, yangi o‘quv yili boshlandi. Birinchi qo‘ng‘iroqning chalinishi nafaqat o‘quvchi yoshlarni, balki ustozlarni, ota-onalarni ham behad shodlantirdi.
Halima Hudoyberdiyeva nomli ijod maktabining bu yilgi bitiruvchilari oliy o‘quv yurtlariga 100 foiz ko‘rsatkich bilan qabul qilinganining o‘zi bu ilm maskanidagi ibratli faoliyatdan dalolatdir. Ijod maktabida o‘tkakzilgan “Men - yangi O‘zbekiston farzandiman!” mavzusidagi mustaqillik darslarida bolalarning ongu tafakkuri naqadar teranligini anglatdi.
Darslarda viloyat Mudofaa ishlari faxriylar uyushmasi rahbari Odil Muhammejonov, Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari - Noriniso Qosimova, Ravshanbek Mahmudov, Bahor Xolbekova, “Xalq so‘zi” gazetasining viloyat bo‘yicha muxbiri Ahmadali Shernazarov, “Yangi Sirdaryo “ gazetasining bo‘lim mudiri Xolida Pardaboyeva ishtirok etdi. Ular yoshlarni ilm olishga, kitobga muhabbatli bo‘lishga chorladi. Shuningdek, bugun Prezidentimiz tomonidan aynan yoshlarga berilayotgan misli ko‘rilmagan eʼtibor va g‘amxo‘rliklar, cheksiz imkoniyatlar borasida, ona-Vatanni ulug‘lash, uning shaʼnini qadrlash haqida to‘xtaldi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi
#Mustaqilligimizning_33_yilligi
O‘zbekiston
Farog‘at Xudoyqulova,
“Shuhrat” medali sohibasi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida shu yilning avgust oyida o‘tgan asosiy tadbir va voqealar
Prezident.uz
Ta'ziya
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi uyushma a'zosi Sharofiddin To‘laganovga ukasi Ma'rufboy To‘laganovning vafoti munosabati bilan chuqur hamdardlik bildiradi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
Paralimpiya ilhomlari
SEN YAXSHILAR ONASI
Paralimpiya chempionlarining onalariga
Sen onalar yaxshisi, yaxshilarning onasi,
Bugun sening kuningdir, tilagin tilagingni.
Sulton xotin bo‘lding sen o‘g‘loning bahonasi,
Ko‘hiqofdan bo‘lsa-da topaman keragingni.
Atirgul shoxasiga bog‘lab tilla simli tor,
Qolgan barcha gullarga “Omon yor” kuylataymi?
Oqshomlari osmonni poyingga to‘shab bir bor,
Yulduzlarni qizlardek dastalab o‘ynataymi?
Shaʼningga tiklaymi yo Tojmahal misol qasr,
Xino sharbati bilan unga yozib g‘azallar.
Malika maqomiga munosibsan sen, axir,
Oldingdan o‘taversin parizodlar, go‘zallar.
Jayhunni Sayhun bilan boshlab kelaymi Shoshga,
Tabarruk qil, tekkizib unga barmog‘ing uchin.
Suvdan qudrat o‘tarmish, senga o‘xshasak, koshki,
Qo‘ling tekkan daryodan hovuch-hovuch suv ichib.
Or sabog‘in o‘qitar sening ona maktabing,
Shundan tahsil olmoqqa yugurgayman, shoshgayman,
Ustoz o‘trusidagi eng oddiy shogird kabi,
Har bir imo-ishorang bajo etmoqqa shayman.
Qadr topgan yurt qadrin o‘g‘ling ko‘tardi tikka,
Baland ko‘tarilgan el beklikka qodir bo‘lgay.
Axir, yo‘lbars tug‘ibsan, shunchaki o‘g‘lon tug‘may,
Ista, istaging uchun har o‘zbek Xizr bo‘lgay.
Qutlibeka Rahimboyeva,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
1-sentabr — shoir Yo‘ldosh Eshbek tug‘ilgan kun
SENING QO‘SHIG‘ING
1.
Biz baxtiyor bo‘lgaymiz xo‘b,
Bizni zafar quchajak!
Tepamizda charx urishib
Qaldirg‘ochlar uchajak!
Shunday qo‘shiq aytgan eding sen,
Shunday qo‘shiq… hayotday aziz.
Va dunyoga qaytgan edim men,
Dunyo menga qaytdi o‘sha kez.
Qo‘shig‘ingni buloqlar tinglab,
Shamollarning tili tugildi.
Osmon yuzi ko‘zing nusxalab,
O‘pmoq bo‘lib senga egildi.
Qaldirg‘ochlar uchdi tepangda,
Qo‘shiq aytib sho‘xshan, dilrabo.
O‘n yettida eding o‘shanda.
O‘n yettiga to‘lgandi dunyo.
***
Dunyolardan rashk qildim seni,
Dunyolarga ishonmas edim.
2.
Qaldirg‘ochlar kelmoqda uchib,
Bahor quvib yasharlar doim.
Ushbu damda sen yodga tushib,
Alamlarda qovrilar o‘yim.
Sen umringai bo‘lding ikkiga,
Endi menga ikki xil o‘ysan.
To‘lib ketsa dardpar ko‘ksimga,
Yolg‘izlikning hukmidan to‘ysam,
Madadga zor odamday goho,
Atrofga javdirar nigohim.
Ko‘zlarimda intiq iltijo,
Ko‘zlarimda tizilar ohim.
Shunda izlab qolaman zor-zor,
O‘n yetti yosh ko‘hligim qayda?
Va qaytmoq bo‘laman intizor
O‘n yetti yosh dunyoga qayta.
Meni chorlar ilk umring maʼsum,
Meni chorlar ul pokiza ishq.
Qayg‘ularga chek qo‘yib, bir zum –
Ruhimda tirilar ul qo‘shiq:
«Biz baxtiyor bo‘lgaymiz xo‘b,
Bizni zafar quchajak!
Boshimizda charx urishib,
Qaldirg‘ochlar uchajak!»
Yo‘ldosh Eshbek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
#Mustaqilligimizning_33_yilligi
"MUSTAQILMAN"
Zulfiya Mo‘minova,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
Yozyovon ilhomlari
Bugun Yozyovon tumani markazidagi “Tolquduq” ommaviy dam olish maskanida mustaqilligimizning 33 yillik bayramiga bag‘ishlangan “Yozyovon ilhomlari” mushoira tadbiri bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Respublika Maʼnaviyat va Maʼrifat markazi viloyat bo‘limlari hamkorligida bayramona ruhda o‘tkazilgan tadbirda farg‘onalik ustoz adib va shorilar, yosh ijodkorlar, uyushmaning Namangan hamda Andijon viloyat bo‘limlari, tuman hokimligi, shuningdek mahalliy aholi vakillari qatnashdi.
Tadbirda Farg‘onada yashab o‘tgan atoqli adiblarning yorqin xotirasi haqida so‘z yurtildi. Mumtoz qo‘shiqlar hamda vatan va istiqlolni sharaflovchi, insoniy tuyg‘ularni tarannum etuvchi sheʼrlar o‘qildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi