AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi Rossiyaning xalqaro moliya tizimidan foydalanishini cheklash bo'yicha "Katta yettilik" tomonidan qabul qilingan majburiyatlarni bajarishda yana bir muhim qadam tashladi.
Boshqarma Gazprombank, xalqaro aloqalarga ega 50 dan ortiq Rossiya banklari, 40 dan ortiq Rossiya qimmatli qog'ozlar registratorlari va 15 Rossiya moliya xodimlariga nisbatan yangi sanksiyalar joriy qilindi.
Shuningdek, Kreml tomonidan yaratilgan va sanksiyalardan qochish uchun foydalaniladigan Rossiyaning Moliyaviy xabarlarni uzatish tizimiga (SPFS) nisbatan ham sanksiyalar qo'llanilishi mumkinligi haqida ogohlantirish e'lon qilindi.
@voauzbek
Pokiston janubi-g‘arbidagi temir yo‘l vokzalida xudkush terrorchi o‘zini portlatib, kamida 24 kishi, jumladan, askarlar va temir yo‘l xodimlarini o‘ldirgan. 50 ga yaqin odam yaralangan.
Balujiston ozodlik armiyasi bo‘lginchi guruhi hujum uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga oldi. Taqiq ostidagi bu tashkilot uzoq yillardan beri hududni Islomobod nazoratidan chiqarish uchun kurashib keladi.
@voauzbek
Eron Isroilga o'nlab raketa bombalarini yog'dirdi. Hujum ortidan Tehron Isroilning bir qator xavfsizlik va harbiy obyektlari nishonga olingani haqida bayonot chiqardi. Qurbonlar va yetkazilgan zarar haqida hali aniq ma'lumot yo'q. Eron hujumi Yaqin Sharqda bir yildan beri davom etayotgan qonli mojaroning yanada keskinlashayotganini ko'rsatadi.
Isroil Mudofaa vaziri Yoav Gallant bilan telefon suhbatida AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Isroilning Eron, Hizbulloh, G'azoda joylashgan Xamas hamda Yamandagi hutiylar va Eron tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan boshqa guruhlarga qarshi o'zini himoya qilish huquqini AQSh qo'llab-quvvatlashini tasdiqladi.
Isroil Eron hujumiga munosib javob berilishini aytmoqda.
@voauzbek
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Turkmaniston xalqini Mustaqillik kuni bilan qutladi.
"27-sentabr - Turkmaniston xalqi mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati nomidan tabriklayman" - dedi u.
Blinken o'z tabrigida AQSh Turkmanistonning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo'llab-quvvatlashda davom etishini ma'lum qiladi.
"Biz zararli gaz chiqindilarini kamaytirish, barqaror mehnat va qishloq xo‘jaligi amaliyotini rivojlantirish, mintaqa bo‘ylab xavfsizlikni mustahkamlash, inson huquqlarini ilgari surish, ta’lim va madaniyat almashinuvlarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi hamkorligimizdan mamnunmiz. Kelgusi yillarda mamlakatlarimiz xalqlari do‘stligi yanada mustahkamlanishini intiqlik bilan kutamiz", - dedi Blinken.
@voauzbek
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, agar yadroviy davlat bo‘lgan har qanday G‘arb mamlakati Rossiyaga qarshi hujumda Ukrainaga yordam bersa, bu “Rossiya Federatsiyasiga qo‘shma hujum” sifatida baholanishini aytdi.
Putin anchadan beri, agar AQSh va NATO Ukrainaga Gʻarb tomonidan yetkazib berilgan uzoq masofali qurollarni Rossiyaga qarshi ishlatishga ruxsat bersa, bu harakat Rossiya va NATO davlatlari oʻrtasida urush eshigini ochishi mumkinligi haqida ogohlantirib keladi.
@voauzbek
AQSh Livandagi Isroil va Hizbulloh kuchlari o'rtasida zo'ravonliklar keskin oshgani munosabati bilan Yaqin Sharqqa oz sonli qo'shimcha qo'shin yuborishga qaror qildi. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi general-mayor Pet Rayder xabar berdi.
AQShning yuqori martabali mulozimlaridan birining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, qo’shinlar soni o’nlab kishidan iborat bo’ladi va ularning asosiy vazifasi, agar kattaroq mintaqaviy urush boshlansa, AQSh fuqarolarini ko'chirishga ko'maklashishdan iborat bo'ladi.
@voauzbek
AQSh Davlat departamentining tasdiqlashicha, Tolibon Kobulda hokimiyatni qo'lga kiritishi arafasida afg'on uchuvchilari tomonidan O'zbekistonga olib o'tilgan harbiy havo transportlari egaligi O'zbekistonga o'tkazilgan.
"Ushbu transfer terrorizm va narkotik moddalarga qarshi kurashish hamda chegara xavfsizligini kuchaytirish bo'yicha ikki tomonlama hamkorligimiz asosida kelishib olindi", deyiladi Davlat departamenti ma'lumotida.
Tolibon bu da'voni rad etib, ushbu transport vositalari Afg'onistonga tegishli ekanini va O'zbekiston ularni ortga qaytarishi kerakligini aytmoqda.
2021-yil avgust oyida Kobuldagi hukumat qulab, Tolibon hokimiyatga kelishi natijasida Afg'oniston harbiylari 46 ta samolyot va vertolyotni O'zbekistonga olib o'tgani xabar qilinadi.
@voauzbek
Ozarbayjon Rossiya yetakchisi Vladimir Putinning neftga boy Janubiy Kavkaz davlatiga tashrifidan bir kun oʻtib, rivojlanayotgan davlatlarning BRIKS blokiga qoʻshilish uchun rasman ariza berdi.
O'n yildan ko'proq vaqt davomida blok faqat beshta davlatni o'z ichiga olgan: bular Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika.
Eron, Misr, Efiopiya va Birlashgan Arab Amirliklari yanvar oyida unga qo'shildi. Saudiya Arabistoni ham a'zolik masalasini ko'rib chiqayotganini aytgan.
@voauzbek
Xamas va Isroil muzokaralar stoliga qaytishga "samimiy tayyorligini" ko'rsatmaguncha, Qatar G'azoda sulhga erishish bo'yicha kelishuvga vositachilik qilishni to'xtatishini ma'lum qildi.
Fors ko'rfazi mamlakatiga ko'ra, Xamasning Doxadagi siyosiy idorasi "ortiq o'z maqsadi yo'lida xizmat qilmayapti".
@voauzbek
Bangladesh prezidenti sobiq bosh vazir Shayx Hasinaning avgust oyidagi iste’fosini so'roq ostiga olishi ortidan mamlakatda yana norozilik harakati kuchaydi. Talabalar guruhi endi prezidentni ham iste'fo berishga chaqirmoqda.
Talaba namoyishchilar Prezident Muhammad Shahobiddinni Hasinaning “fashistik” rejimi bilan hamkorlikda aybladi. Diskriminatsiyaga qarshi talabalar harakati Shahobiddinga iste’foga chiqishi uchun ikki kunlik muddat belgiladi.
@voauzbek
Livanning Hizbulloh guruhi tashkilot rahbari va asoschilaridan biri Hasan Nasrulloh Bayrutda Isroil havo hujumida halok bo‘lganini tasdiqladi. Ushbu hujumda guruhning yana boshqa qo'mondonlari, shuningdek, Eron Inqilobiy gvardiyasining taniqli generali Abbos Nilforushan ham halok bo'lgan.
Hizbulloh "dushmanga qarshi va Falastinni qo'llab-quvvatlash uchun muqaddas urush davom etishini" e'lon qildi.
@voauzbek
O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi “mamlakatning shimoliy hududlarida murakkab vaziyat vujudga kelayotgani”ni e’tiborga olib, vatandoshlarga murojaat bilan chiqdi.
Diplomatik vakolatxona Isroildagi O‘zbekiston fuqarolariga shaxsiy xavfsizlik choralarini ko‘rish, zaruriyatsiz ko‘chaga chiqmaslik, ko‘ngilochar muassasalarga bormaslik va raketa otishmalari paytida boshpanalarni tark etmaslikni tavsiya etgan.
@voauzbek
BMT Bosh Assambleyasining yillik yig'ini ochilishida G'azodagi urush va uning Livanga tarqalishi asosiy muhokama mavzularidan biri bo'ldi.
“G’azo tinimsiz dahshat ichida; butun mintaqani o’z domiga tortish xavfi bor, - dedi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish. - Biz hammamiz keskinlikdan xavotirda bo'lishimiz kerak. Livan jar yoqasida. Livan xalqi, Isroil xalqi va butun dunyo xalqlari Livanning ham G'azoga aylanishiga dosh bera olmaydi".
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an ham o'z nutqida G'azoga alohida e'tibor qaratib, Isroilni keskin qoraladi.
“...Isroil hukumati asosiy inson huquqlarini toptamoqda; imkoniyat bo'lishi bilan xalqaro huquqni oyoq osti qilib, etnik tozalash, millatga va xalqqa qarshi ochiq genotsid amalga oshirmoqda”, - dedi Erdog‘an.
U butun dunyoni Bosh vazir Benyamin Netanyaxuni to‘xtatishga chaqirdi.
“70 yil avval Gitlerni insoniyat ittifoqi to‘xtatganidek, Netanyaxu va uning qotillik tarmog‘ini ham insoniyat ittifoqi to‘xtatishi kerak”, — dedi Turkiya prezidenti.
@voauzbek
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Qirg'iziston xalqini Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.
"33 yil davomida biz Qirg‘iziston Respublikasining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va mustaqilligini qo'llab-quvvatlashga sodiqmiz. Biz iqtisodiy, xavfsizlik va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarimizni yanada rivojlantirish, sog‘liqni saqlash va ta’lim, iqlim inqirozini hal qilish va "C5+1" formati orqali mintaqaviy aloqalarni mustahkamlash sohalarida hamkorligimizni kengaytirishni intiqlik bilan kutamiz", - dedi u o'z tabrigida.
Qirg'izistonda Mustaqillik bayrami har yili 31-avgust kuni nishonlanadi.
@voauzbek
AQSh sobiq prezidenti Barak Obama Chikago shahrida davom etayotgan Demokratlar partiyasi qurultoyining ikkinchi kunida so'zga chiqdi. U Prezident Jo Baydenni to'rt yil davomida amalga oshirgan ishlari uchun olqishladi va mash'ala endi Kamala Xarris qo'liga o'tganini ta'kidlab, amerikaliklarni prezidentlik saylovida unga ovoz berishga chaqirdi.
Uning aytishicha, Donald Trampning to'rt yillik prezidentligi "xaos va tartibsizliklar" bilan o'tgan va bunga ortiq yo'l qo'yib bo'lmaydi.
Shu yil 5-noyabrga belgilangan AQSh prezidentlik saylovida demokratlar vakili Kamala Xarris va sobiq prezident, respublikachi Donald Tramp o'rtasida murosasiz kurash kechishi kutilyapti.
@voauzbek
O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Afg‘onistonga bordi. Delegatsiya 17-avgust kuni Afg‘oniston poytaxti Kobulda tashkil qilingan O‘zbekiston mahsulotlari ko‘rgazmasining ochilishi hamda biznes anjumanida ishtirok etgan.
@voauzbek