Kattaqo'rg'onlik Nurali Karimovning bookblogerlik kanali: 📝Revyular; 📑Maqolalar; 🦠G‘oyalar; 📖Tarjima va yana bir nimalar... BDSM(Bookbloging, drawing, suggesting and more)
#luğat
Ma'vo - boshpana
Bilanglamoq -chayqalmoq
Zabun - zaif
Ufunat - badbo‘y
Koshif - usta
Muzayyan - ziynatlangan
Aqiq - qimmatbaho qizil tosh
Labris - ikki tomonli bolta, oy bolta
Paykon - kamonning uch qismi
Allatovur - allaqanday
Safro - zarda
Kunjak - burchak
Do‘lvar - yo‘g‘on
Sarkor - ishboshi
Zarif - g‘oyat go‘zal
Mengzar - o‘xshash
Maxzan - ombor
Burov - sirtmoq
Mustahiq - munosib
Go‘yanda - hikoya qiluvchi
Buhron - tanglik
Batang - quloqni garang qilmoq
Palid - kir, iflos
Ayamajuz - qishning oxirgi kunlari
Ang‘iz - g‘allasi o‘rib olingan dala
Juvoldiz - yo‘g‘on igna
Alqamoq - olqamoq
Tuyqus - to‘satdan
Rutubat - namlik
Naqqolik - naql qilish
Kamand - sirtmoq
©Madlen Miller - "Kirka" asarida ishlatilgan so‘zlar,
mutarjim: Mirzohid Muzaffar
#review
🪓"Qatl marosimiga marhamat"🔞
🪶Valdimir Vladimirovich Nabokov
Nabokovning har asarida bir kapalak bor, bir o‘smir qiz, buni unutmang, azizim.
#asardan_parcha
Istaladiki, mahbus oʻz ahvoliga, sharoitiga va nomiga nomunosib tushlarni kechalari umuman koʻrmasin, agar tush koʻrib qolsa, uni o'zi to'xtatsin. Jumladan: boy hayotni, yaqinlari bilan sayrni va oilaviy ovqatlanishlarni, shuningdek, ayollar bilan ishqi pinhonni; qaysiki o'sha yaqinlik haqiqiy hayotda qonunga binoan zo'ravonlik deya baholansa.
©Nabokov, "Qatl marosimiga marhamat"
#al #poster
Qaysi asarga ishlangan poster va illyustratsiyalar deb o‘ylaysiz, bijildaqni ochmay javob berib ko‘ring)
#xabar #tavsiya
Ertaga kelinglar, men ham boraman)
#xabar
"Bookbloger jamiyati" va "Kitob doira" kanali birgalikda qadrli modernist adiba Virjiniya Vulfning "Shaxsiy xona" asarini muhokamasini tashkil etishdi. Muhokama bugun, Toshkent vaqti bilan 21:00 da bo‘lib o‘tadi. Barcha kitobsevarlarni kutib qolamiz.
Hurmat ila S.N.K
#imagery #özim
İstanbuldan esdaliklar.
Pere muzeyidan so‘ng, fusunkor Madame Tussauds(Madam Tusso') muzeyida Yaşar Kemal afandi bilan davrimiz adabiyotidagi muammolar haqida biroz suhbatlashdik, Merlin Monro bilan diydorlashib, Tiffany xonim bilan bir qadah choy ustida chaq-chaqlashdik, Da Vinci bilan san'at haqida gaplashib, Motsart bilan fortepyanoda kuy chaldik, keyin Muhammad Ali va boshqa mashhurlar bilan bir qancha suratlarga tushdik. Quvonch va sevincha to‘la lahzalarni sizga ham ilindim...
#review
🌞"Hukmnoma"
😞Rauf Parfi
Men Rauf Parfini juda yosh shoir, qirq yoshlarida erta vafot etgan deb yurardim. Keyinchalik bilsam, Rauf O‘zturk o‘zbekning ulug‘ shoirlari Abdulla Orif va Erkin Vohidovlarning tengdoshi, ammo tamoman o‘zga yo‘ldoshi ekan. Sababi esa Rauf Parfi ulg‘aygan muhit va boshidan kechirgan qator voqeatlar sabablidir. Aslini olganda Abdulla, Erkin va Rauflarning barchasi o‘z ijodlarini SSSR va Stalinni ulug‘lovchi she'rlar yozish bilan boshlashgan. Ularning uchalasida ham yo‘llarini yorituvchi bir yo‘lchi yulduz bo‘lgan(Rauf Parfida Vodiliy bu vazifani bajargan). Ammo yillar shamolli ularning mafkuriyotini har tomonga sochib yubordi.
Rauf Parfi umri davomida doim Turkistonni birlashishini istadi. Shu sababli ham shoir qator tengdoshlaridan keskin farq etar, qolganlarning kitoblari dasta-dasta chop etilsa ham, uning kitoblari yillab bosmaxonalarda qolib ketardi. Shoir o‘zi tanlagan yo‘lda bir qancha ijodiy asarlar yozdi, shu sababli qator mukofotlarni qo‘lga ham kiritdi, biroq ular O‘zturkka kerak edimi?! Yo‘q, albatta. Rauf Parfi uchun Turkistonning qayta birlashishi butun dunyo uchun sovg‘a bo‘ladi degan fikr doim ustuvor bo‘ldi, biroq bu sovet mamlakati tirik va o‘z ravnaqining cho‘qqisiga chiqqan davrlarda Boltiqbo‘yi mamlakatlaridagi sayohat davomida shakllangan fikr edi. Bugun Rauf Parfi ilgari surgan fikrlar dunyoning qator davlatlari uchun xavfdir. Chunki umumxalqi uch yuz milliondan oshiq turkiy xalqlarning so‘nggi ikki ming yilda ilk bor qayta bir bayroq ostida birlashi bizlari uchun quvonch, quvonchimizni ko‘rolmaganlarga qayg‘udir.
Rauf Parfining yuqorida yozib o‘tilgan mafkuraviy qarashlaridan tashqari, nazmga olib kirgan yangiliklarining o‘zi ham uni turkiy she'riyat osmonidagi qutlug‘ kavkabga eviradi. Rauf o‘zbek she'riyatida ilk bor qoliplarni parchalab tashladi, o‘z zamondoshlarinu o‘zi boshlab bergan yo‘ldan yurishlari uchun ko‘hna so‘qmoqlarga alanga yoqdi va shu orqali yangi davr o‘zbek she'riyati - Rauf Parfi maktabiga asos soldi. Bugungi kunda Faxriyor, Halima Ahmad va Jontemir kabi bir qator shoirlarimizda Rauf Parfining ta'sirlari yaqqol seziladi. Umrini moddiyatdan holi ravishda kechirgan turkiy xalqning ulug‘ shoiri, o‘z qadrini, afsuski, o‘limidan keyingina topdi. Shunday bo‘lsada hamon shoirning yubileylari va ijodiy ishlarini o‘rganish uchun imkoniyatlar yaratilayotgani yo‘q.
Rauf Parfining o‘nga yaqin hikoyasi va Saroyan ijodidan tarjimasi ham tahsinga loyiq. Adibning hikoyalarida g‘arbning yetuk tajribalari yaqqol seziladi, balki nasrda ham Parfi ismli nosir ilk bor yangi usullarga adabiyotimiz uchun darcha ochgandir. Ushbu asarda shoir bilan olib borilgan suhbatlar va qator hayotiy mulohazalaridan bahramand bo‘lishingiz mumkin. Barchaga yoqimli mutolaa tilab, hurmat va ehtirom ila S.N.K
P.s: 2024-yil o‘qilgan 27-kitob
#photo_by Santuagara
#sovğa
Menga yana quchoq-quchoq sovg‘alar keldi...
Birinchisi, 9-avgust uchun Mirzohiddan, ekzistensializm va nostalgiyaga oid kitob. Ikkisi ham dim ajoyib. Ekzistensial muammolarini "zaldori" sharbati ustida hal etilishi va qiyosiy adabiyotshunos mutaxassisidan bunday kitob o‘qish juda yoqimli. Rahmati kabir🤰
Ikkinchisi, 1-oktabr uchun, nafaqada bo‘lsam ham sovg‘a kelishi naqadar ajoyib, yana elliginchi yillar chiqqan Karl Markesning "Kapital"i. Nashrning e'tiborga molik jihati to‘rtta nashr so‘zboshi va so‘ngso‘zi, ingliz-fransuz tillar bosmasidagi izohlari ham berilgan, sevimli yurakchalar armug‘on uchun❤️❤️❤️
P.s: menga sovg‘a jo‘natmoqchi bo‘lsangizlar 1-oktabrgacha muqim manzilimda emasman, aytib qo‘yay😀
#iqtibos
Insonga do‘st deb qarash kerak, to u sizga do‘st bo‘lguncha.
©Rauf Parfi
#asardan_parcha
Ulug‘ Turkistonning to‘qqizta ulug‘ daryosi bor: Amudaryo, Sirdaryo, Abdulla Qodiriy daryosi, Abdurauf Fitrat daryosi, Abdulhamid Cho‘lpon daryosi, Muxtor Avezov daryosi, Chingiz Aytmatov daryosi, Oʻljas Sulaymon daryosi, Muhammad Solih daryosi.
Mening tomirlarimda ham shu to‘qqizning qonlari oqadi. Men bu ulug‘ daryolarning sohillarida sargardonman. Doim tashnaman, ochman, muhtojman...
©Rauf Parfi, "Hukmnoma"
#iqtibos
Tarix takrorlanib turadi - avvaliga tragediya ko‘rinishida, ikkinchi bor esa fars shaklida.
©Karl Marks
#orqa_fon
Ikki buvimning yuzida ham
yashil xol bor edi.
Bolalikda qizdirib bosilgan
ninaning izi.
Ammo ikki buvimning
yuzlarida, qo‘llarida
Sovetdan qolgan izlar
bundan ham bo‘rtib ko‘rinardi.
Qullikni hujjatlardan ko‘taring,
sharifingizdan silkib-silkib
uloqtirib tashlang.
Eng muhimi, yuragingizdan
Ko‘taring uni.
#rasm #nazm
Tomirilarida Sohibqiron Temur qoni oqayotgan Boburiylar, hamda ulug‘ forsiy Safaviylar xonadonining vakillasi - Zebunniso begim portretlari.
Zulfi halqa-halqa-u, koʻzi qaro bu yerdadir,
Boqishi shafqatli-yu, nozik ado bu yerdadir.
Kiprigi xanjar, karashma tigʻu koʻz tashlash yashin,
Gar shahid boʻlmoqchi ersang, Karbalo bu yerdadir.
Bersa ham jannatni, aldanma kishilar soʻziga,
Bir qadam mayxonadin jilmaki, jo bu yerdadir.
Kaʼbaga bormoq ne hojatdir, agar dil ovlasang,
Behuda yoʻllar kezar bu xalqu, jo bu yerdadir.
Husniga boshdin-ayoq boqqanda har bir nuqtadin,
Dilni tortib, har karashma derki: jo bu yerdadir.
Izladim bir-bir jahonda har necha boʻlsa kitob,
Koʻrdimu xattingni dedim: muddao bu yerdadir.
Istasang husning zakotini berarga mustahiq,
Kelki, bu Zebunniso yangligʻ gado bu yerdadir.
Forschadan M. Muinzoda tarjimasi
#tavsiya #film
"YOSHLIK AHDNOMASI"
- Mabodo, adiba bo‘lishni xohlab qolsamchi, oilamni shu yo‘l bilan boqsamchi?!
- Menam yozuvchi bo‘lishni orzu qilaman... Biroq onamni soyasida qolib ketishni istamayman.
- Yaxshi yozadimi?
- Ha.
- Bunga qanday erishgan?
- O‘ta qaysarlik bilan. Til topishib ketasizlar hali (kuladi). Yozishingiz kerak, jiddiy aytayapman.
- Menga hali hech kim bunday demagan edi.
#asardan_parcha
Erkinlik bu itoatkorlikdir, ammo “biz o‘zimiz uchun o‘ylab topgan qonunlarimizga bo‘ysunamiz” va hech kim bunday qullikdan o‘zini ozod qila olmaydi.
©Isaiah Berlin, "Erkinlikning ikki tamoyili"
#iqtibos
"Men o‘z hayotimni yozganimda, men faqat o'zimni emas, balki boshqalarni ham yozaman"
"Sevgi — bu o'ziga xos bir kashfiyotdir"
"Yozuvchining vazifasi — o‘z fikrini ifoda etish emas, balki o‘z fikrini o‘zgartirishdir"
©Vladimir Nabokov
#shunchaki
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bir holga ko‘p duch keldim(yapman). Biroz ta'sir doiraga ega bo‘lgan va o‘zini ijtimoiy statusini yuqori deya baholagan blogerlar psixologik kasallikka chalinishi boshlanibdi. Ya'ni influencer syndrome'ga.
"Influencer syndrome" — bu, asosan, ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlik va ta'sir kuchiga ega bo‘lgan shaxslar orasida paydo bo‘lgan psixologik holatni ifodalaydi. Bu sindromga ega bo‘lgan odamlar o‘zlarini ijtimoiy jihatdan muhim va boshqalarga ta'sir ko‘rsatish qobiliyatiga ega deb hisoblaydilar.
Bunday shaxslar o‘zlariga nisbatan yuqori baho berishlari, boshqalardan e'tibor, tasdiq kutishlari, shuningdek, o‘zlarining mashhurligini va ta'sirini haddan tashqari oshirib ko‘rsatishlari mumkin. Natijada, bu hol ba'zan o‘z-o‘zini oqlash, voqealarni yog‘ bosgan ko‘zlari-la ko‘rish yoki boshqalar bilan raqobatlashish kabi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Ismlarini aytishim shart emas, men deb boshladimi, yoki o‘zini boshqalar bilan solishtirib ustun qilib ko‘rsatishga urindimi, biling u influencer syndrome'ga chalingan. Kelajakda meni bunday sindromdan o‘zi asrasin, siz shu sindromga chalinib qolsam, hey-hey devorasizlar)
Hozir esa shu sindromga chalingan, taxmin qilgan insonlaringiz haqida izohlarga yozishingiz mumkin. Men esa chala qolgan Nabokovni tugatib qo‘yaman🙃
S.
#tavsiya
Oktabr keliboq ko‘z ochar borliq,
Samoviy tuhfa-la keltirar yorliq,
Sohibi biliglar eng mohir notiq,
Etarlar sizlarga kanalin tortiq...
Barcha kanallarga ulanish uchun bosing
#oyliksarhisob_2024 (sentyabr)
Kitob:
🇺🇿"Shaxsiy xona"🔞
🇺🇿"Zebunniso"
🇺🇿"Mamlakatlar tanazzuli sabablari"
🇺🇿"Hukmnoma"
🇺🇿"Iymon asiri"
Orqa fon:
😀Kumush Abdusalomova
Nazm:
👉Kuz
👉Sunbula
👉Assalomu alaykum, dorning og‘ochi!
Sovg‘a:
❤️Anifdan
❤️Mahindan
❤️Mirzohiddan
va boshqalar:
☘️Kechim
☘️musiqa
☘️film
☘️tavsiya
☘️imagery
#review
🌞"Iymon asiri"
😞Rauf Parfi
Turkiy xalqning ulug‘ shoiri haqida kecha ko‘p gapirvordim, bugun aytishim mumkin bo‘lganlarim uning ushbu to‘plami haqida bo‘ladi. To‘plamda bir qator she'rlar, muxammaslar va marsiyalar mavjud.
Rauf Parfining barmoq vaznidagi odatiy har bir she'rida boshqa shoirlarning ijodida uchramas quyuq metaforalar uchraydi. Kecha ta'kidlaganimdek bunday holatda shoirlarda kamdan-kam ro‘y beradi, hatto ba'zilarida soxta va qasddan to‘qilganligi sezilib turadi. Rauf Parfida esa shogird-izdoshlari Halima Ahmedova, Faxriyor, hamda Jontemir singari ilohiy nazm to‘lg‘og‘i yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Muxammaslarida esa jadid adabiyotining yetuk vakillarining she'r va aruz vaznida yozilgan ishlariga beqiyos naziralar bitilgan. Bir ko‘rishda shoir bu she'rlarni ayni takrorlagandek, yoki o‘g‘irlagandek tuyuladi. Biroq haqiqiy adabiy sinchilar muxammaslarning yetmishinchi yil nazmida qayta talqin etilganini tez ilg‘ashadi va bu uchun Rauf Parfiga alohida tashakkurlar aytishadi.
Rauf Parfining marsiyalar alohida mavzu. O‘lgan do‘stlari-yu, ulug‘ shoirlardan to xalaxonaning o‘tirib-rohatlangichi(unitaz)gacha marsiya yoza olgani shok holat. Bu kulguli, O‘zbekiston xalq shoiri, Turkiy olam iftixori, unitaz haqida she'r yozishi taajjublanarli, lekin bu she'rning satrlari orasida g‘ich-g‘ich ma'no bor. Atiga shu birgina marsiya bilan ham Rauf Pardi mahoratini to‘liq anglamog‘ingiz mumkin.
She'r o‘zi g‘alati narsa, u ilohiyot mahsuli va shoirlar bu xabar yetkazib beruvchi vositadirlar. Ammo Rauf Parfi bu o‘tkazgichlarning, eng zamonaviy va eng iyisi. Ushbu kitobni jahon she'riyati va o‘zbek adabiyotica qiziquvchilarga tavsiya qilaman. Hurmat va ehtirom ila S.N.K
P.s: 2024-yil o‘qilgan 28-kitob
#photo_by Santuagara
#nazm
Assalomu alaykum, dorning og'ochi
Assalomu alaykum, doming og‘ochi "Kuntug‘mish"dan
Ko‘nglim qorong‘udir, tevarak tutun,
Yolg‘iz boshim uzra uvullar shamol,
Ko‘zlarimni g‘ajir allaqanday tun,
Sen kimsan, nimasan, sen kimning boji? —
Aqlimni g‘ijimlar yalang‘och savol —
Assalomu alaykum, dorning og‘ochi.
Turkiylar, aytingiz, bizda nima bor?
Bizda bor mute'lik, qullik, ozorlar,
Bizda bor qo‘llardan ketgan ixtiyor,
Manxus kimsalarning talon-toroji,
Hayqirib yotibdi buyuk mozorlar —
Assalomu alaykum, dorning og‘ochi.
Turkiylar, aytingiz, bizdan nima yo‘q?
Bizda yo‘q, ittifoq, bizda yo‘q birlik —
Oyoq ostidadir insoniy huquq,
Bu turkiy olamning qutlug‘ me’roji,
Oyoq ostidadir muqaddas hurlik,
Assalomu alaykum, dorning og‘ochi.
Yovuzlar kuchlarin to‘plab shaylanar,
Ichi to‘la g‘azab, qo‘llarida tig‘,
Zamonlar aylanar, osmon aylanar,
Ona Turkistondir turklarning toji
— Aytingiz, qandayin yashaymiz ortiq,
Assalomu alaykum, dorning og‘ochi.
Non so‘rab kelganga joningni berding,
Sendadir matonat, sendadir toqat.
Qon so‘rab kelganga shoningni berding,
Yurtingni berding sen, qattol xiroji,
O‘ldirsang, o‘zingni o‘ldirding faqat,
Assalomu alaykum, dorning og‘ochi.
Magar ohing bilan olamni to‘ldir,
Tinglamas Allohing nolalaringni.
Vahki, otangni ot, onangni o‘ldir,
Ey, qora dunyoning qora muhtoji,
Bo‘g‘izla tole'siz bolalaringni
— Assalomu alaykum, dorning og‘ochi.
©Rauf Parfi
#sovğa
José Saramagoning "Seeing" asarini tuhfa etishdi. Asar men tug‘ilgan yil yozilib, yozuvchining mashhur "So‘qirlik" nomli asarining mantiqiy davomi hisoblanadi. Yozuvchi portugal va Nobel mukofoti laurenti.
Saramago ismini ko‘riboq juda sevindim, sovg‘a uchun Mahinga rahmati kalon🫶
P.s: Mahindan sovg‘aga kitob oladigan kam sonli insonlar toifasidanman😁
#nazm
SUNBULA
Ko‘hna kuz qarida yashirar sirin,
Za'faron sochlari sarg‘ayib nogoh,
Samovat qa'ridan tashlar ko‘z qirin,
Deydi: - parizoddan bo‘lgin sen ogoh.
Teng kunlik keladur nuktadon kuzga,
Tushning asrorlari ochilmish qator,
Tarozi o‘lchaydi sabrning yoshin,
Kuy cholar bazmda setora-dutor.
O‘shanda ko‘z ochgan mening malagim,
Yalang‘och siynangda jannat ta'mi bor.
Bir jahon, bir borliq, doim keragim,
Sening ko‘zlaringga umrim naqshi yor.
"Gulg‘uncha lablardan shakar bol emib"*
Satri bilan ulg‘aydim tuyqus.
Singan yuragingga atirgul chizib,
Hayotda yashadik ba'zida bexush.
Aslida topmading qirq yilda meni,
Men seni topganman qirq yilda bazo'r.
Begoyim, xo‘joyim, balki volidam,
Taqdir izlaringdan topmadim qusur.
Sening orzularing menga qanotdir,
Har ishing, har so‘zing misli sabotdir,
Otam uchun eng suyukli yor,
Oltmish yillik yo‘ling azim hayotdir.
©Nurali Qahramon
*Aziza Xasanovaning "Ayol" nomli she'ridan
#review
☘️"Mamlakat tanazzuli sabablari"
👥️Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Alan Robinson
Asar chiqqaniga ancha yil bo‘ldi va ko‘plab revyu, hamda taqrizlar yozildi. Balki shungadir ichidagi ma'lumotlardan, hech qursa umum ma'nosidan xabarim bor deb o‘qimay yurgandim. Ammo kitobni o‘qishni boshlagach yanglishganimni tushundim. Asarni avgustda boshlagandim, o‘rtada biroz to‘xtalish bo‘lib inglizchasini ham o‘qimoqchi bo‘lib qoldim, lekin baribir o‘z tiling o‘z zubdang deganlaridek davom ettirishga qaror qildim.
Meni hayratlantirgan jihati, asar shunchaki voqea-hodisalarning umum e'tirof etilgan sabablarini keltirib o‘tmaydi. Balki har bir tarixiy inqilob-tanazzulni kelib chiqish sabablarini to‘liq tushuntiradi. Xoh bu "Shonli inqilob" bo‘lsin, yoki "Burjua fransuz" inqilobi. Aynan ana shu tushuntirish sababli ham, mualliflar iqtisoddek murakkab fanni ommaviy tarzda tushuntirishga urinishgan. Shuning uchun ham kitob ilmiy-ommabop kitoblar ichida, so‘nggi yigirma yillikdagi eng yaxshi kitoblar qatorida turibdi.
Asarni o‘qir ekanman, mualliflar aytib o‘tgan davlatlarning yuksalish tamoyil va sabablari bizda ham bo‘lgan ekanmi deb o‘ylab qoldim. Turkiston Muxtoriyatidan tortib to o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi kerakligi to‘g‘risidagi mitinggacha barchasi "yuqori"ning istagi bilan amalga oshgan. Uch yuz yillik xonliklar davriga ba'zi soliq islohotlari, hamda 150 yillik rus imperializm va kommunizmining ekstraktiv tarzdagi klassik boshqaruvi bizni to‘la qonli erkin iqtisodiyot yaratishimizga to‘sqinlik qilmoqda.
Temuriylar davridagi qator islohotlar esa ikki narsaga borib taqaladi. Birinchisi Turk xoqonligining xalqaro munosabatlarini o‘ta darajada tolerant ravishda amalga oshirgani va "Sarbadorlar" harakatining mustaqilik, erkinlik va eng muhimi fozil shahar to‘g‘risidagi g‘oyalaridir. Aynan ana shu omillar bizning yurtda kichik shu'ladek porlagan har tomonlama uyg‘onishga asosiy sabab bo‘lishgan.
Keyin esa mualliflar ta'kiflashganidek Marksning komil jamiyat to‘g‘risidagi qarashlarining buzib talqin qilinishi va buning oqibati post-sovet davlatlarini bugun ham shu mafkuradan chiqib keta olmayotganliklarini, ular o‘zlarini qancha "rivojlanayotgan" davlat deb atashmasin, dunyo hamjamiyati nigohida rivojlanmagan davlat bo‘lib qolaverishadi.
Yana asarda bolalarga paxta terdirish Karimov siyosati deb aytilgan. Asli bu hol ikkinchi jahon urushi paytidan beri davom etib kelayotganini hisobga olishmagan. Chunki paxta ichida kulib turib suratga tushgan oila a'zolarimning surati haligacha arxivimizda saqlanadi. Bu kabi kamchiliklarni inobatga olmaganda, asar juda tushunarli va maroqli tilda bitilibdi. Bu uchun yozuvchi va muharrirga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Yana Nazarbek akaning videosi ham kitobni o‘qishimga turtki bo‘ldi, bu uchun ham rahmat.
Kichik shikoyatim, kitob so‘ngidagi mualliflarning minnatdorchilik va foydalanilgan adabiyotlar qismi olib tashlanibdi, nashriyot kelgusi nashrlarda bunga e'tibor beradi degan umiddaman. Kitobni hali o‘qimagan kitobxonlarga tezroq o‘qishlarini tavsiya qilaman. Maroqli mutolaa tilab, hurmat va ehtirom ila S.N.K
P.s: 2024-yil o‘qilgan 26-kitob
#photo_by Santuagara
#eŋpanj #tavsiya
Bugundan boshlab "Eng... besh..." nomli sav(post) yozib bormoqchiman. Birinchisi "O‘zbek tiliga tarjima qili(ni)sh(i) kerak bo‘lgan besh kitob":
1. Aleksandr Solzhenistsyn, "Cancer Ward" (badiiy) - Ushbu asar taniqli rus yozuvchisi Aleksandr Soljenitsynning eng yaxshi romanlaridan biri. Kitob 1966-yilda nashr etilgan va saraton kasalligi bilan kurashayotgan bemorlarning hayoti va ularning ichki dunyosini tasvirlaydi. Asar, shuningdek, Sovet Ittifoqidagi repressiya va erkinlikka bo‘lgan intilishni ham aks ettiradi. Asar voqealari Toshkentda bo‘lib o‘tadi.
2. Bibish, "The Dancer from Khiva" (memuar) - Ushbu asar asli millati o‘zbek bo‘lgan rossiyalik yozuvchi Hojarbibi tomonidan yozilgan bo‘lib, unda Bibish(Hojarbibi)ning raqqosa bo‘lish yo‘lidagi mashaqqatlari batafsil bayon etilgan. Bu asar siz sevib mutolaa qilgan "Men Malala" va hozir o‘qiyotgan "Talaba"(asli "O‘qimishli" bo‘lishi kerak edi) asariga juda o‘xshash. O‘ylaymanki o‘zimizdan chiqqan yozuvchini bunday asarini o‘qish ko‘pchilikka qiziq bo‘lardi.
3. Søren Kierkegaard, "Either/Or" (falsafiy) - daniyalik faylasuf Søren Kierkegaardning birinchi nashr etilgan asari. Kitob 1843-yilda, ikki jildda nashr etilgan. Asar mohiyatan gedonistik-estetik hayot tarzi va majburiyatiga asoslangan, axloqiy turmush o'rtasidagi farq bilan ajralib turadigan inson mavjudligi nazariyasini ifodalaydi, ya'ni ekzistensializmni. Kitobning asosiy mavzusi Aristotelning “Biz qanday yashashimiz kerak?” degan savolidir. Ekzistensializmni tushunish vaqti yetdi menimcha, Dostoyevskiy va Kamyudan ko‘ra ko‘proq narsa bera oladi deb ishonaman.
4. Joseph Campbell, "The Hero with a Thousand Faces" (ilmiy) - amerikalik yozuvchi Jozef Kempbellning eng mashhur asari "Ming yuzli qahramon" kitobi bo‘lib, unda u monomif(monomit) deb ataladigan jahon mifologiyalarida qo‘llanilgan qahramon sayohatining arxetipik nazariyasini muhokama qiladi. Bu asar juda ko‘p sohalarni o‘z ichiga qamrab oladi, hamda hayotning charxi g‘ildiragi kajraftor ekanligini isbotlab beradi. Bu asar bir qancha mashxur film, serial va san'at asarlarining asosi sanaladi. Xususan, Yulduzlar jangi'ni ham.
5. Daron Acemoglu and Simon Johnson, "Power and progress" (ilmiy-ommabop) - yozuvchi sizga tanish. Uning yangi asari esa raqamli texnologiyalar va sun'iy intellekt yordamida rivojlanib borayotgan, shu bilan birga xavfga to‘layotgan dunyo haqida. Yozuvchilar asarda sun'iy intellekt va to‘rtinchi sanoat inqilobining istiqboli haqida so‘z yuritishar ekan, ular sababli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan xavf-tahdidlarni ham chuqur tahlil qilishadi. Asar bugungi kun muammolarga yechim o‘laroq ham jevirilishi darkor.
Bu ro‘yxatda, Hitlerning "Mein Kampf"i, Folknerning "The sound and the Fury"si, Servantesning "Don Kixoti" yoki boshqa asarlar ham bo‘lishi mumkin edi. Lekin men iloji boricha ko‘zdan narida qolayotganlariga e'tibor qaratdim. Ushbu sav(post) noshir, muharrir, musahhih va mutarjimlar uchun foydali bo‘lsa quvonaman, hamda sevinaman. Hurmat va ehtirom ila S.N.K
P.s: qaysi birini tarjima bo‘lishini eng ko‘p xohlar edingiz
🔥🐳🕊🍾👻
P.s.s: keyingi gal nima haqida bo‘lishini xohlashingizni ham yozishingiz mumkin
#review
🧺"Zebunniso"
🕯Uyg‘un
Ulug‘ o‘tmish davomida ko‘plab sulolalar o‘tdi, saltanatlar barpo etildi, qirolliklar barbod bo‘ldi, imperiyalar yuksaldi, xoqonliklar tanazzul botqog‘iga botdi. Ushbu jarayonlar mobaynida taxtga kimlar keldi-yu, kimlar qulamadi deysiz. Qanchadan-qancha zolim va oqil shohlar nomlari tarix zarvaraqlariga bitilmay uzlatga yuz burgan. Tarixchilar orasida shunday gap bor, tarixni g‘oliblar yozadi, degan. Men esa yo‘q deyman, chunki biz o‘qiyotgan tarixni g‘oliblar emas, kuchlilar yozishgan. Rim nima uchun hamon ulug‘vor, garchi endilikda mavjud bo‘lmasa ham. Albatta, tarix yilnomalari sabab. Turkiylarni buyukligiga butun bashar tan beradi, lekin hech ham eslashmaydi, chunki ularning tarixi yo‘q, asosi yo‘q, dalili yo‘q.
Shunday bo‘lsada islom dini turkiylarga hadya etgan eng muhim narsalardan biri - kitobat ilmi bizni bu moziysizlikdan saqlab qoldi. Turkiy xalq vakillar, ahli ilmlar islom dini ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shishgach, o‘tmish voqeatlarini bitishni boshlashdi. Shu tariqa asrlar davomida noma'lum bo‘lgan tarix sahifalariga jon kirdi. Temuriylar davriga kelib esa, tarix, she'riyat, umum kitobat ilmi bilan ayollar ham faol shug‘ullana boshlashdi. Ular orasida islom tarixida ayol kishi tomonidan yozilgan yagona tafsiri muallifi Zebunniso begim ham bor edi.
Nasabi oliyalari ota tomondan Chingizxoni a'zam, Sohibqironi muazzamga, ona tomondan esa Bobur Mirzoning qizi "Humoyunnoma" asari muallifi Gulbadanbegim va Safaviylar sulolasiga borib taqaluvchi Zebunniso begim, ulug‘ shoh Shohjahonning nabirasi, Avrangzeb Olamgirning suyukli qizi edi. Yigirma yoshga to‘lmasdanoq padari buzrukvoriga saltanat ishlarida maslahatchi bo‘lgan, arabiy, forsiy, turkiy tillarda she'r bitgan, besh ming misradan ortiq g‘azal yozgan, hind rojalari-yu, er yigitlarning ko‘zini shamg‘alat qilgan malikaning o‘tmishi juda fojialidir.
Tarixdan ma'lumki Avrangzeb Olamgir otasidan taxtni tortib oladi. Bunga sabab Shohjahon qadim yasoq bo‘yicha to‘ng‘ich o‘g‘li Doroni taxt vorisi deb e'lon qilishidir. Alaloqibat qator janglardan so‘ng Olamgir otasini zindonga tashlaydi. Uning atrofidagi ulamolar esa shoh ongini zaharlashni boshlashadi. Natijada Akbar shoh davrida erishilgan diniy bag‘rikenglikka putur yetadi. Hindlarning qadim va muhtasham ikki yuzdan ortiq ibodatxonalari buzib tashlanadi, nomusulmonlarga qator soliqlar solinadi, inglizlarga hind portlaridan foydalanish huquqi beriladi, bu ishlar esa oqibatan Hindistonning Britaniya mustamlakasiga aylanishiga zamin yaratishni boshlaydi.
Zakiy Zebunnisobegim bu holni vaqtida anglaydi va ukasi Akbarni qo‘llab-quvvatlaydi, otasi o‘rniga uni taxtga o‘tkazish harakatlariga qo‘shiladi. Bundan xabar topgan Olamgir qizini Saligarh qasriga bandi etadi, naqd yigirma yil. Uyg‘un tomonidan yozilgan ushbu drama aynan shu voqealar asnosida yozilgan. Men bu kitobni o‘qib, tariximizda yana bir shunday kuchli ayol bo‘lganligidan juda quvondim. O‘rnak qilsa qilgulik shaxs. Bu siymoga aloqador film, teatr yoki tarixiy ma'lumotlar meni o‘ziga yanada rom etishda davom etmoqda.
Siz ham u kitobni o‘qing, teatriga duch kelsangiz, albatta tomosha qiling. Yoqimli mutolaa tilab, hurmat va ehtirom ila S.N.K
P.s: 2024-yil o‘qilgan 25-kitob
#photo_by Santuagara
#asardan_parcha
Hammamiz ham o‘yinchimiz, qimorbozmiz, hazratim. Bu dunyoda hamma narsa qimor, hamma qimorboz....
©Uyg‘un, "Zebiniso" dramasi
#review
⌨️"Shaxsiy xona"🔞
🪶Virjiniya Vulf
"Ayol o‘z ayollik qiyofasini yo‘qotsagina, hamma narsa ro‘y berishi mumkin".