bobur_elmurod | Неотсортированное

Telegram-канал bobur_elmurod - Bobur Elmurodov

206

Kanal shoir Bobur Elmurod she'rlarining o'quvchilari uchun ijodkor muxlislari tomonidan tashkil etildi.

Подписаться на канал

Bobur Elmurodov

Rivoyat

Bir kishi nola qildi:
“Xudo, men bilan gaplash?”
Oʻshanda qor yogʻardi
Yomgʻir bilan aralash.

“Qanisan, ovoz bergin,
Bormi senga borar yoʻl”.
Shu kezda butazorda
Xonish qilardi bulbul.

“Seni koʻray, izn ber”,
Yalindi, koʻzida yosh.
Shunda bulut oralab
Koʻkda balqidi quyosh.

“Bor boʻlsang, yaqinroq kel,
Seni koʻrmogʻim kerak”.
Shu on u bilan tinmay
Oʻynashardi kapalak.

© Bobur ELMUROD

Читать полностью…

Bobur Elmurodov

Ishonch

Bu surat yodimdan oʻchmas hech qachon,
Bu surat manzari naqadar ulugʻ.
Maysa ham nish urmas sahroda dehqon,
Xudoga ishonib sochmoqda urugʻ.

© Bobur Elmurod

Читать полностью…

Bobur Elmurodov

***
Bunday jazavada esmasdi shamol,
Titramasdi bunday daraxt ham illo.
Bagʻrida bir quchoq mevasi bilan
Chayqalib-chayqalib yotadi xurmo.

Bola hoʻngrab yigʻlar, u hali goʻdak,
Bunday manzaraga koʻzi tushmagan.
U bexos “qars” etib singan shoxlarda
Toʻrt-beshta xurmoni koʻrdi – pishmagan.

© Bobur ELMUROD

Читать полностью…

Bobur Elmurodov

Boshi yonar odamlar haqida tush

Xayolan boraman – bir yorugʻ makon,
Koʻrinmas zaminning oy-u quyoshi.
Bu yurtda oʻzgacha erur har inson,
Gugurt donasidek yonuvchan boshi.

Mana, bir bosh yonar qarshimda lov-lov,
Yorishib ketadi atrof munavvar.
Bu yurtda qachonki soʻnadi olov.
Boshin yondirmasa kimdir muqarrar.

Alanga oʻchar chogʻ bir magʻrur inson,
Tutadi soʻnajak doʻstiga boshin.
Bu yurtda nur sochib oʻladi har jon,
Bu yurtda ulugʻdir insonlar yoshi.

Oʻzimga kelaman, u yurtdan chiqib,
Tepamda charaqlab turadi quyosh.
Nahotki bu yurtda ming yildan buyon.
Tinimsiz yonadi faqat bitta bosh.

Boshqa u tushlarni koʻrmayman – qasam,
Yurakda bir ogʻriq oʻrtanar lov-lov.
Baʼzan yonish uchun bosh egay desam,
Hech kimning boshida yonmaydi olov.

© Bobur Elmurod

Читать полностью…

Bobur Elmurodov

***
Jon ham bitta koʻchmanchi,
Qololmas ekan tanda.
Soʻzga koʻchib oʻtarkan
Vujuding keksayganda.

Shunday dedi xasta chol,
Koʻrdim: soqoli qorday.
Jon qolmagan tanida
Soʻzlarida jon borday...

© Bobur Elmurod

Читать полностью…

Bobur Elmurodov

Karkidon

Yashashning qizigʻi qolmagan goʻyo,
Tumshugʻidan sizib oqayotir qon.
Shoxidan ayrilib, olomon ichra
Ketib borayotir bitta karkidon.

Hech narsa yemaydi, chiqarmaydi un,
Kimsasiz tarafga ketar norozi.
Himoya qilgani yoʻq biror qonun,
Shikoyat qilgani yoʻq biror qozi.

U yoqda mushtini koʻksiga urib,
Ovchi maqtanadi oʻljadan sarxush.
Bu yoqda koʻz yoshi qonga qoʻshilib,
Karkidon yotadi tumshuqlari boʻsh.

Chorlasam, bu tuproq begona unga,
Qaydan boshqa manzil topayin shu dam.
Axir shoxi yoʻq deb rad etib tursa,
“Hayvonot bogʻi”ning xoʻjayini ham.

© Bobur Elmurod

Читать полностью…

Bobur Elmurodov

***
Balki tushkun edim oʻsha kunlari
Avtobusga chiqdim, horgʻin va xomush
Odam tirband edi, shunga qaramay
Mendan sal narida – bitta oʻrin boʻsh.

Hali oyogʻimdan ketmagan mador,
Oʻzimcha navqiron edim hoynahoy.
Ammo kimga boqsam imlardi meni,
Nigohlari bilan koʻrsatardi joy.

Menga ogʻir edi bu xilda ketish
Tushay desam hali manzilim yiroq.
Nahot chiqmas endi biror bekatdan
Mendan yoshi ulugʻ va bechoraroq.

Qoʻrqib borayapman yoʻl yurgan sari
Oʻzimni qanchalar bardam tutsam ham,
Qoʻrqib borayapman Yaratgan egam
Oʻzimdan horigan zotni kutsam ham.

Oʻtinib ketardim endi taqdirdan
Bunday xulosani sira tan olmay
Horigan yoʻlovchi, tezroq chiqaqol
Eng bechora odam men boʻlib qolmay…

© Bobur Elmurod

Читать полностью…

Bobur Elmurodov

***
Shundoqqina yoʻl chetida,
Bitta daraxt yolgʻiz oʻsar.
Sargʻaytirar bargin quyosh,
Mevasini shamol uzar.

Chayqaladi daraxt ogʻir,
Soʻzlamoqqa urinadi.
Koʻzlariga goho olov,
Goh xazonlar koʻrinadi.

Nima qilsin, oʻtkinchi ham
Uzib yemas mevasini.
Daraxt soʻzlar, lekin hech kim
Tushunmaydi shevasini.

© Bobur Elmurod

Читать полностью…

Bobur Elmurodov

***
Bir kun yigʻlamasa ahli bolalar,
Bir kun och qolmasa ularning qorni.
Bir kun uzilmasa alvon lolalar,
Oʻsha kun kelarmi, oʻsha kun bormi?

Bir kun otilmasa hech kimsaga oʻq,
Jallod ham qurmasa oʻsha kun dorni.
Bir kun motam tugab, kiyilmasa koʻk,
Oʻsha kun kelarmi, oʻsha kun bormi?

Bir kun tirik qaytsa uyiga ohu,
Nish urgan maysalar koʻrsa bahorni.
Bir kun ilon zoti sochmasa ogʻu,
Oʻsha kun kelarmi, oʻsha kun bormi?

Bolalar uylari boʻsh qolsa bir kun,
Dardi qiynamasa bir kun bemorni.
Bir kun kengligini his qilsa ochun,
Oʻsha kun kelarmi, oʻsha kun bormi?

Bir kun koʻngli borlar qurishsa turmush,
Bir kun koʻngli yoʻqlar chalmasa torni.
Balki oʻngda boʻlar, yo boʻlmasa tush,
Oʻsha kun kelarmi, oʻsha kun bormi?

Azizim, nima ham berdik dunyoga,
Bir kunlik totgani faqat ozormi?
Qachon ishonarkan hamma Xudoga,
Oʻsha kun kelarmi, oʻsha kun bormi?

© Bobur ELMUROD

Читать полностью…

Bobur Elmurodov

***
Ovozimni yozib oldi bir kishi,
Suratkash suratga oldi turishim.
Yaxshiyam koʻrinib turmas ularga,
Seni ich-ichimdan yaxshi koʻrishim.

Yomon sharoitda unmaydi urugʻ,
Bu gap oʻsimliklar ilmiga oid.
Men sening haqingda oʻylashim uchun,
Faqat ich-ichimda bordir sharoit.

Betob edim bir zum koʻzimga boqib
Shifokor tekshirdi yurak urishim.
Ich-ichimni yorib, bilmadi jarroh
Seni ich-ichimdan yaxshi koʻrishim.

Hali manzilingni aytmading durust,
Aytmadim oʻzimning qayda turishim.
Ishqilib, Xudoga ayon boʻlsin-da,
Seni ich-ichimdan yaxshi koʻrishim...

© Bobur Elmurod

Читать полностью…

Bobur Elmurodov

***
Bir koʻngil oʻstirsang, – ichingda
Yashasa eng buyuk zotlaring.
Ichkariga kira olmasa
Yomonotliq, yomon otlaring...

Agʻanasa tuygʻularingni
Bosib yotgan ming-minglab xarsang.
Aldamasa quloqlaring hech,
Koʻzlaringga butkul ishonsang...

Bir koʻngil oʻstirsang ichingda,
Ichingda bir koʻngil yoʻqlasang.
Koʻz yumsang, qorongʻu boʻlmasa
Yop-yorugʻ kunlarda yashasang...

Bir koʻngil oʻstirsang ichingda...

© Bobur Elmurod

Читать полностью…

Bobur Elmurodov

***
Hali otmagan tong. Osuda kecha,
Hali soʻngigacha koʻrinmasdi yoʻl.
Notanish yigitning qabri ustida,
Turar, endigina uzilgan bir gul.

Kimning izhori bu, uyqusiz bu kech,
Tongni ham ottirmay kelgan kim, yo Rab.
Kim u, odamlarga bildirmasdan hech,
Bir yigit yodini yurgan xotirlab.

Ehtimol bir roʻzgʻor bekasidir u,
Bolalari bordir, emasdir gʻarib.
Pinhon – koʻzlariga kelmasdan uyqu,
Qabristonga kelgan taskin axtarib.

Balki keksadir u, yoshdir, lek mudom
Oʻzini baxtiyor etolmagan u.
Balki koʻngil berib yurgan bir zamon,
Hamon koʻngil uzib ketolmagan u.

Lablarim pichirlar, bilmam shu onda
Yaratgan egamdan nelarni soʻrdim.
Yuraklar urmagan bu qabristonda,
Yurak urib turgan bir hisni koʻrdim.

Mana, kun yorishib, oqarmoqda tong,
Mana, soʻngigacha koʻrinmoqda yoʻl.
Kelar – koʻp narsani bilmay olomon,
Kelar – qabrlarga qoʻyish uchun gul.

© Bobur Elmurod

Читать полностью…

Bobur Elmurodov

***
Koʻp narsani koʻrmadik, doʻstim,
Koʻp narsa bor hali koʻrgulik.
Koʻp maysa bor yerdan chiqmagan,
Koʻp kimsa bor yerga kirgulik.

© Bobur ELMUROD

Читать полностью…

Bobur Elmurodov

Onamning peshonasi

Uyquda edimmi,
qimirlabdi Yer...
Bir chiziqni koʻrdim shiftda ajinday.
Onam taskin berib,
kuyunmagin der:
Dunyoning ishlari hamisha shunday.

Nogoh ming chiziqni bir joyda koʻrdim,
Ajinday darz ketdi ichimda soʻzlar.
Xudodan yashirib nima ham qildim
Onam peshonasi edi u, doʻstlar...

© Bobur Elmurod

Читать полностью…

Bobur Elmurodov

Tarbiya

Ohu yolgʻiz bolasi bilan,
Borar edi choʻqqi tomonga.
Nogoh sezdi — daraxt ortidan,
Ovchi uni olar nishonga.

Bir lahza ham qimir etmay u,
Bolasiga soʻz qotdi shu tob:
– Qorachigʻim, biz nishondamiz,
Oʻtinaman, qulogʻingni yop.

– Siz kuyunmang, — dedi yosh ohu,
Boʻl degansiz hamisha botir.
Men qoʻrqmayman oʻq ovozidan,
Ona, mendan olmang xavotir.

Ohu dedi: – ey nuridiydam,
Quvontirding meni bu zamon.
Nasib qilsa bu toʻsiqlardan,
Birgalashib oʻturmiz omon.

Ammo hozir qoʻrqaman, garchi,
Dushmanga-ku berarmiz firib.
Lek oʻljadan ayrilgan ovchi,
Nojoʻya soʻz aytar hayqirib.

Shu soʻz oʻqdek uchib havoda,
Oʻqdan battar qalbimni tilar.
Bolam, sening quloqlaringni,
Oʻsha soʻzdan asragim kelar.

Sabri tugab borar ovchining,
Tayyor turar u oʻt ochishga.
Ammo nechun ona ohuning,
Gʻayrati yoʻq sira qochishga.

Qil ustida tursa ham bu jon,
Bir soʻz takror aylanar shu tob.
– Nuridiydam, mening oppogʻim,
Oʻtinaman, qulogʻingni yop...

© Bobur Elmurod

Читать полностью…

Bobur Elmurodov

Begona oʻt

Ildizidan yulaverding xoʻp,
Begona oʻt deding alafni.
Hosiling kam, bolalaring koʻp
Oʻylar eding ikki tarafni.

Yulaverding, axir sen tanti,
Bir soniya chekinmay ishdan.
Bechora oʻt zada boʻlgandi
Ekinzorlar ichra oʻsishdan.

Ayt-chi, alam qilmasmi unga,
Oʻz yerida begona boʻlmoq.
Oʻzga yurtlik ekin oldida
Ming toptalmoq, ming bora oʻlmoq.

Shu bir maysa baridan avval,
Oʻsmabmidi yerda tugʻilib.
Biz-chi, uni yigʻlatib har gal,
Ildizidan oldik sugʻurib.

Taqdir ekan, boshqa ne derdim,
Bir oʻlanga shuncha gʻam kammi?
Tushun, juda sogʻinib ketdim
Shunday yashaydigan odamni...

© Bobur Elmurod

Читать полностью…

Bobur Elmurodov

Fotoapparat va men

Sen boqqan chogʻ nega odamlar,
Xushsuratdir, kulgidan toʻygan.
Men termilsam – sargʻaygan oʻtlar
Va daraxtlar gullamay qoʻygan.

Sen koʻz solsang onam koʻp dilbar,
Otam bardam qad kerib turar.
Men boqqan chogʻ — onam mushtipar,
Otam esa hassada yurar.

Nigohingda doʻstim ulugʻvor,
Bekami koʻst turar muloyim.
Men qarasam u bechorahol,
Oqsoqlanib yuradi doim.

Vaqt yalmogʻiz – uchar xotirjam,
Koʻrganlarim oʻxshamas chinga.
Baxtli boʻlib koʻrinay men ham,
Bir zumgina koʻz tashla menga.

© Bobur Elmurod

Читать полностью…

Bobur Elmurodov

Kimyogar doʻstimning oʻylari...

Sunʼiy gul yasab tongda
Biroz xayolga toldim.
Unda bol izlab kelgan
Arini koʻrib qoldim.

Buni uzoq oʻyladim,
Tajribam tugaguncha.
Sheʼrda ikki ogʻiz gap
Ilmda keng tushuncha.

Oʻyladim, moddalarning
Birlashuvi bir chaqa.
Qanday birlashgan ekan
Toshlar bilan toshbaqa.

Ishonmadim muhabbat
Koʻngilda yashar desa.
Bilmadim, sevib qolish
Fanda qanday hodisa?

Bagʻritosh dedi bir qiz,
Oshib ketgandim haddan.
Tuni bilan oʻyladim
Koʻnglim qaysi moddadan?

Bilmas edim ne uchun
Koʻzimga yosh toʻlishin.
Bir tomchi yosh qurimay
Qayerlardan kelishin?

Mening gunohim qayda,
Qayda mening savobim.
Gul yasamayman boshqa
Shudir mening javobim.

Sunʼiy gulga termilib
Yigʻlab, oʻy surib qoldim.
Axir unda jon bergan
Arini koʻrib qoldim.

© Bobur Elmurod

Читать полностью…

Bobur Elmurodov

KURASH

Gavjum edi bu galgi davra,
Hayqirardi tinmay olomon.
Ota kurash tushgan shu palla,
Tomoshaga keldi yosh oʻgʻlon.

Ayyor chiqdi raqibi picha,
Kurash derlar buning otini.
Ota nogoh olomon ichra
Koʻrib qoldi zurriyotini.

Shunda yodga oldi har doim,
Farzandiga oʻrnak boʻlganin.
Koʻrib chidolmadi oʻgʻlining,
Koʻzi jiqqa yoshga toʻlganin.

Koʻp chirandi, ammo ishoning,
Yetmas edi raqibga kuchi.
Oʻgʻil qarab turar — otaning
Ogʻriqlarga toʻlardi ichi.

Koʻnikolmay bu holga sira,
Bosolmasdi bir dam gʻazabin.
His qilardi oʻgʻil oldida,
Yiqilmoqning ogʻir azobin.

Axir ayting, yengilsa uni,
Oqlarmidi bir juft qora koʻz.
Yerda yotgan ota holini
Izohlashga topilarmi soʻz.

Yozgim kelmas hech qolganini,
Yurak sanchar oʻsha joyida.
Axir qulayotgan daraxtni
Koʻrish ogʻir nihol poyida.

© Bobur Elmurod

Читать полностью…

Bobur Elmurodov

Soʻz mulkining sultoni

Jannat eshiklari koʻp,
Bir-bir oʻqiyman nomin:
“Bu yerda olim yashar”,
“Bu yerda yashar moʻmin”.

Titrab ketdim nogahon,
Koʻzlarim tushgan oni.
Bir eshikda yozilmish:
“Soʻz mulkining sultoni”.

Sezdim – ushbu dargohdan
Kelar jannat nafasi.
Salom berib yuzlandi
Menga eshik ogʻasi.

Dedi: men bilgum sizni –
Yomon ashʼor bitmassiz.
Faqat bir aybingiz bor,
Navoiyni bilmassiz.

Garchi rostgoʻy erursiz,
Garchi turkiy erursiz.
Bu eshikdan Hazratni
Anglaganda kirursiz.

Avvalo, doʻst tutining
Qalam birla xat bilan.
Yana qancha oʻqiysiz
“Xamsa”ni lugʻat bilan.

Oʻrganmaysiz ming hunar,
Qamishdan bogʻlab belni.
Koʻrmagansiz oʻzga yurt,
Bilmaysiz oʻzga tilni.

Yetti vodiy kezmaysiz,
Dilga qilmaysiz safar.
Yuribsiz oʻttiz yoshda
“Qush tili”dan bexabar.

Farhod boʻlib kelmassiz,
Majnun boʻlib sevmassiz.
Kaʼbaning chin manzilin,
Nechun hamon bilmassiz.

Bu oʻgitlarimni – sheʼr,
Yoki qoʻshiq deb biling.
Hazratning har baytini
Oʻsha eshik deb biling.

Oʻng boʻldimi yoki tush,
Shundan beri boshqaman.
Navoiyga koʻz emas,
Koʻnglim bilan boqaman.

Nasib boʻlsa, anglarman,
Ochilur qalbim koʻzi.
Bir kun eshik qoqarman,
Ochar Hazratning Oʻzi...

© Bobur ELMUROD

Читать полностью…

Bobur Elmurodov

***
Nahot endi sevgi – otashin,
Yondirolmas hech bir kishini.
Yetti alpga shart qoʻyib Barchin,
Kutmay qoʻydi Alpomishini.

Suv qidirib ketdi Farhodlar,
Lek oqmadi daryolar toʻlib.
Alpomishdek ketib oʻgʻlonlar,
Qaytolmadi Alpomish boʻlib.

Ichimizda koʻp edi Shiroq,
Umid qildik, toʻsar gʻovlarni.
Biz kutganday boʻlmadi biroq,
Boshlab keldi ular yovlarni.

Kimdir hamon tushmadi otdan,
Egarlarga mingashdi kibor.
Endi chiqing, oʻzingiz chohdan,
Qutqargani kelmas Boychibor.

Tor koʻngilga sigʻmayin qoldi,
Majnunlarning muhabbatlari.
Otabeklar Kumushlariga
Yozmay qoʻydi sevgi xatlari.

Xotiramda bari – ularning,
Eslayversam qiynaydi yodi.
Buncha goʻzal – insoniyatning
Kitoblarda qolgan hayoti.

© Bobur Elmurod

Читать полностью…

Bobur Elmurodov

Muallif: Bobur Elmurod
Suxandon: Dilfuza Jalolova

Читать полностью…
Подписаться на канал